20:09 / 20.03.2021
7229

Zararkunandalarga chidamli. Ko‘proq foyda. Yong‘oq yetishtirishning 10 jihati ma'lum qilindi

FAO xalqaro maslahatchisi Katerina Poberejnaya Markaziy Osiyo mintaqasida yong‘oq yetishtirish sohasiga investitsiya kiritish katta foyda keltirishi mumkinligini aytdi. Chunki, mintaqa talab katta bo‘lgan potensial savdo bozorlariga yaqin va iqlim sharoiti qulay.

Foto: Wikimedia

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida Tojikistonda meva-sabzavotchilik sektorining investitsion jozibadorligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada FAO xalqaro maslahatchisi Katerina Poberejnaya yong‘oq, bodom yoki pista yetishtirish kabi agrosanoat turlariga barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari jiddiy e'tibor qaratishi kerakligini aytib o‘tdi.

Mutaxassis yong‘oq yetishtirishga sarmoya kiritishning 10ta muhim jihatlarini sanab o‘tdi:

1. Markaziy Osiyo tarixiy jihatdan yong‘oq vatani hisoblanadi va bu yerdagi iqlim yong‘oq yetishtirish uchun judayam qulay.

2. Yong‘oq qobiq bilan himoyalanganligi sababli, turli zararkunandalar va kasalliklardan ko‘proq himoyalangan.

3. Ko‘pgina boshqa mevalarga nisbatan gektaridan yuqori daromad olish imkoniyati mavjud.

4. AQSh va Ispaniya kabi yirik yetishtiruvchilar bilan taqqoslaganda, ishchi kuchi va yer resurslarining arzonligi sababli mintaqada ishlab chiqarish xarajatlari nisbatan past.

5. Iqlim sharoiti meva pishib bo‘lgandan keyin sotuvgacha tayyorgarlikning ayrim bosqichlari uchun qulay. Masalan, mintaqada quritish tabiiy ravishda sodir bo‘lishi mumkin.

6. Yong‘oqni uzoq muddatga yaxshi holatda saqlash boshqa meva va sabzavotlarga nisbatan ko‘p xarajat talab qilmaydi. Shuningdek, mahsulotning buzilib ketishi va juda arzon narxlarda sotilish xavfi past.

7. Talab katta bo‘lgan potensial savdo bozorlari, ya'ni Hindiston, Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlarining yaqinligi.

8. Mintaqa mamlakatlarida sifatni yaxshilash, brendlash, sertifikatlash, qadoqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash orqali qo‘shimcha qiymatli mahsulot yaratish imkoniyatiga ega. Ushbu texnologiyalarning barchasi allaqachon mavjud va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda, ularni o‘rganish hamda mahalliy sharoitga moslashtirish kerak, xolos.

9. Yong‘oq, bodom va pista daraxtlari 25 yildan 50 yilgacha meva berishini hisobga olib, kelajak avlodlarga investitsiya sifatida qoldirish mumkin.

10. Oilaviy biznes qilish imkoniyatlari. Masalan Ispaniyada bodomning 70 foizi o‘rtacha 10 gektar bog‘larga ega bo‘lgan kichik fermerlar tomonidan yetishtiriladi.

Mavzuga oid
Top