19:02 / 21.03.2021
5231
Afg‘oniston prezidenti AQSh mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Lloyd Ostinning Kobulga tashrifi Vashington va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar fonida amalga oshirildi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Kobulga tashrif buyurgan AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Ariana News telekanali xabar bermoqda.

Telekanalning bildirishicha, Afg‘oniston rahbari devonxonasi uchrashuv tafsilotlarini keltirmagan.

Ostinning Kobulga tashrifi Vashington va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar fonida amalga oshirildi. “Tolibon” Dohada erishilgan kelishuvga muvofiq Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqib ketilishini talab qilmoqda.

 Avvalroq Pentagon rahbari AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish muddati bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilmaganini aytgandi.

 Ostinning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bo‘yicha ma'muriyatda “jarayon davom etmoqda va prezident ushbu qarorni qabul qilish ustida ishlamoqda".  

 2020 yil 29 fevralda prezident Donald Tramp boshchiligidagi avvalgi AQSh hukumati va "Tolibon" harakati Dohada tinchlik kelishuvi imzolagandi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh, uning ittifoqchilari va koalitsiya 14 oy ichida Afg‘onistondan barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketish majburiyatini olgandi. Toliblar esa o‘z navbatida Afg‘oniston hududidan AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlar uchun foydalanmaslikka kafolat bergandi.

Ammo Pentagon Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqib ketilishini xavfli deb hisoblamoqda.

Top