18:39 / 21.03.2021
5798

AstraZeneca vaksina tarkibida cho‘chqa unsurlari yo‘qligini ma'lum qildi

AstraZeneca kompaniyasi eng ko‘p musulmon aholiga ega mamlakat – Indoneziyada tarqalgan xavotirlarga javoban, koronaviruga qarshi ishlab chiqqan vaksinasi tarkibida shariatda taqiqlangan cho‘chqa unsurlari yo‘qligini ma'lum qildi.

Indoneziyaning oliy musulmon kengashi juma kuni AstraZeneca vaksinasi tarkibida cho‘chqaning oshqozonosti bezidan olingan tripsin moddasi borligini aytib, uni harom deb fatvo bergan, lekin preparatni faqat pandemiya sharoitidagina favqulodda qo‘llashni ma'qullagandi.

Bugun, 21 mart kuni AstraZeneca'ning Indoneziyadagi vakili Rizmon Abudayri shu masalada bayonot berdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

«Bu vektor virusli vaksinani ishlab chiqarish jarayonining hech bir bosqichida cho‘chqa yo boshqa hayvonlardan olinadigan biror unsurdan foydalanilmaydi, bu kabi unsurlarning ishlab chiqarish jarayonlariga aloqasi yo‘q », – deyiladi rasmiy chiqishda.

Indoneziya Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi hali masala yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Indoneziyada koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1,4 milliondan oshgan, 40 mingga yaqin qurbon berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga xalqaro hamjamiyat tomonidan 2,6 million doza CoviShield vaksinasi bepul taqdim etilishi kutilyapti. Bu – AstraZeneca vaksinasining Hindistonda ishlab chiqarilgan muqobili. 17 mart kuni ushbu vaksinaning 660 ming dozadan iborat birinchi partiyasi olib kelindi.

Top