20:47 / 21.03.2021
7655
Iroq 37ta davlat fuqarolariga vizalarni bekor qildi

Iroq hukumati mamlakatdagi investitsion muhitni yaxshilash va sayyohlik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida 37ta davlat fuqarolariga kirish vizalarini bekor qildi. Bu haqda Iroq ichki ishlar vaziri Xolid al-Muhanna ma'lum qildi. 

Foto: IlkhaAgency

Endilikda hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan davlatlar tadbirkorlari va kompaniyalari vakillari Iroqqa kirish uchun 75 dollar miqdoridagi bojni to‘lab, mamlakatda 2 oy davomida qolishlari mumkin bo‘ladi. Ro‘yxatga BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari (AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya va Xitoy), Yaponiya, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Shveytsariya kiritilgan.      

Biroq Iroqqa chegarada boj to‘lagach kirish huquqini oladiganlar Iroq fuqarolari va sayyohlar uchun majburiy bo‘lgan koronavirusga test topshirishdan ozod etilmaydilar.   

Ayni vaqtda Iroq koronavirusga chalinganlar va undan vafot etganlar soni bo‘yicha Yaqin sharq davlatlari orasida 1-o‘rinni egallamoqda. Mamlakatda virusga chalinganlar soni 790 mingga, qurbonlar soni 14 mingga yaqinni tashkil qilmoqda.

Top