18:27 / 21.03.2021
7087
«Ota kasbni besh aka-uka davom ettiryapmiz» - rishtonlik tandirchi ustaxonasida

Hozir ko‘pchilik nonni elektr pechlarida pishirishga o‘tib ketdi. Ammo pechda pishirilgan non baribir qadimiy an'analar asosida tandirda yopilgan nonga tenglasha olmaydi.

Rishton tumanining Oq yer qishlog‘ida taniqli tandirchilar istiqomat qiladi. Ular yasagan tandirlar viloyatning ko‘plab uylarida foydalanilmoqda.

Tandirchi hunarmand Salohiddin Jo‘rayev 30 yildan buyon qishin-yozin o‘z xonadonida tandir yasash bilan mashg‘ul. Unga o‘g‘illari Husniddin Hakimov va Asliddin Hakimovlar ko‘mak beradi.

«Tandirchilik – otameros hunar. Otam 50 yil tandirchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Otam ulg‘aytirgan 5 o‘g‘ilning hammasi tandirchilikni o‘ziga kasb qilgan. Allohga shukr, tirikchiligimiz mana shu hunar ortidan bo‘lyapti. Daromadimiz yaxshi.

Uch farzandim bor. Ikki o‘g‘lim ham oilaviy an'anaga sodiq qolishdi. 50 yoshga borgan bo‘lsam, uning 30 yilida buyon tandirchilik bilan mashg‘ulman. Otamning yonlarida yurib, bu kasbga mehr qo‘yganman.

Tandir tuprog‘ini Rishton shahri markazidan olib kelamiz. U oddiy tuproq emas. Rangi sariq, qayishqoq. Bu tuproqdan kulollar ham foydalanadi. Tuproqning bir «Kamaz»ini 500 ming so‘mga sotib olamiz. Bir mashina tuproqdan taxminan 100-150 ta tandir chiqadi.

Odatda 3 xil tandir yasaymiz: xonadon, novvoyxona va somsa tandir. 10 nafar shogird chiqardim. Ulardan tashqari, tandir yasashni qo‘ni-qo‘shni va jiyanlarimga ham o‘rgatganman.

Kunlar sovuq bo‘lgani uchun bitta tandir hozirgi kunda 3 kunda bityapti. Yoz kunlarida havo issiqligi hisobiga bitta tandir 2 kunda tayyor bo‘ladi. Novvoy tandirlarimizning hajmi kattaligi uchun 4 kunda tayyor bo‘ladi. Somsa tandirlar esa 2 kunda bitadi.

Tandir yasalish jarayoni haqida so‘zlab bermoqchiman. Eng avvalo tuproq maxsus idishga solinib, ustiga suv quyiladi. Tuproq idishda bir-ikki kun mobaynida loy shakliga keladi. Undan keyin pishiqligini oshirish uchun loyga qo‘y juni va somon qo‘shamiz. Jun va somon aralashtirilgan loy yaxshilab pishitiladi. Jun loyni qayishqoq holatga keltiradi. Somon va jun qo‘shilgan tandirlar yorilib ketmaydi. Tandir pishib yetilguncha somon va jun tandirni mustahkam ushlab turadi. Keyinchalik tarkibiga singib yo‘q bo‘lib ketadi ular.

So‘ng undan pesh ochamiz. Pesh bir kunda yetiladi. Yetilgandan keyin uni ko‘pchilik bo‘lib ko‘tarib alohida joyga doirasimon shaklda qo‘yamiz. Ko‘tarilgan pesh doira shaklida tikkalangach, uning ikki uchi bir-biriga biriktiriladi. Chokni biriktirshga alohida e'tibor qaratamiz. Chunki xonadonlarga olib borilgan tandirlar chokdan qo‘yib yubormasligi juda muhim.

Peshlar maxsus asboblar bilan ikki tomondan urilib, zich holatga keltiriladi. Birinchi qavat tayyor holatga keltirilgandan keyin, 2-qavatni ham huddi 1-qavatdagidek pesh bilan ko‘tariladi.

1-qavat ustiga boshqa bir pesh ulanadi. 2-qavat ham bitganidan keyin tandirga lab yasaladi. Lab ham tayyor bo‘lgach, tandir quyosh issig‘ida yaxshilab quritiladi. Tayyor holga kelgan tandirni mashinaga yuklab sotgani olib ketamiz.

Tandirlarni buyurtmaga qarab xonadonlarga olib borib, qurib ham beramiz. Hozirgi kunda xonadon tandirlarini 80 mingdan 100 ming so‘mgacha, katta novvoy tandirlar 500-600 ming so‘mgacha, somsa tandirlarni esa 300 ming so‘mgacha sotyapmiz.

Somsa tandirlarni asosan Oltiariq tumaniga olib boramiz. Chunki Oltiariq somsa tandiri bilan mashhur. Shuning uchun ham somsa tandir bu tumanga ko‘p sotiladi. Farg‘ona shahriga esa novvoy tandirlar olib borib sotib kelamiz.

Oilaviy tadbirkormiz. Qishda kunlar sovub ketganida dam olamiz. Bahor, yoz va kuz fasllari biz uchun «sezon». Ayniqsa, yoz fasli biz tandirchilar uchun haqiqiy mavsum sanaladi.

O‘g‘illarim ham qiziqib tandirchilikni tanlashdi. Men bunga qarshilik qilmadim. Hunarli inson kam bo‘lmaydi.

Hunar ortidan qizimni chiqardim. Imoratlar qurdik. Ikki o‘g‘ilni uyli-joyli qildim. «Damas», «Labo» va yer haydaydigan mini traktor sotib oldik. Tandirchilikdan, halol mehnat evaziga topganlarimizga Alloh baraka beryapti. Aholi mehnatimizdan hursand bo‘lsa, baraka topamiz,»– deydi biz bilan suhbatda Salohiddin Jo‘rayev.

Hunardan rizqing unar, deganlaridek, qishloqdagi oddiy bir oila hunar ortidan kam bo‘lgani yo‘q. Oila Oq yer qishlog‘ida halol mehnati tufayli hurmat topgan. Xonadonda tayyorlangan tandirlar esa Farg‘ona viloyatining ko‘plab xonadonlariga kirib borgan.

Tandirchi Salohiddin Jo‘rayev xonadonidan ketar chog‘imiz hunarmandning ishlariga rivoj tilab, el xizmatidan aslo charchamasligini tiladik.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top