19:05 / 21.03.2021
14054
O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida o‘zgarish. Lutfulla To‘rayev va 6 nafar futbolchi o‘rniga Anzur Ismoilov va yana ikki futbolchi taklif oldi

22-30-mart oralig‘idagi FIFA kunlarida O‘zbekiston milliy jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etadi. Ushbu yig‘in davomida vakillarimiz Gana va Iroq bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

O‘FA rasmiy sayti xabariga ko‘ra, milliy jamoaga chaqirilgan bir necha nafar futbolchi Superliga bahslarida o‘z klubi safida jarohat olganligi sababli mazkur o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Jumladan, Eldorbek Suyunov, Yegor Krimets, Hojiakbar Alijonov, Lutfulla To‘rayev, Sardor Sobirxo‘jayev, Abrorbek Ismoilov, Temurxo‘ja Abduxoliqov yig‘inda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Ularning o‘rniga murabbiylar shtabi milliy jamoa safiga himoyachilar Anzur Ismoilov («Paxtakor») va Iskandar Shoyqulov («So‘g‘diyona») hamda Javoxir Qaxramonovni («So‘g‘diyona») taklif etdi.

Ma'lumot uchun, Vadim Abramov boshchiligidagi milliy jamoamiz 22 mart kunidan «Paxtakor» stadionida to‘liq tarkib bilan mashg‘ulotlarga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, Anzur Ismoilov 2019 yilda Falastin bilan mag‘lubiyatli o‘yindan keyin Ektor Kuper iste'foga chiqarilgach, milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagandi.

Top