10:25 / 22.03.2021
1297

Namanganda Navro‘z arafasida 47 ta obekt foydalanishga topshirildi

Ishga tushirilayotgan 47 ta obektdan 15 ta sanoat, 19 ta xizmat ko‘rsatish, 3 ta qishloq xo‘jaligi 10 ijtimoiy soha obektlari (ta'lim) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur obektlarning umumiy loyiha qiymati 762 747,0 mln so‘mni tashkil etadi. Obektlar to‘liq quvvatda ish boshlashi bilan 2 560 ta ish o‘rni yaratiladi.

Masalan, shaharning Davlatobod tumanida keramik kafel ishlab  chiqarishga ixtisoslashgan korxona ish boshladi. Mazkur korxonaning umumiy yer maydoni 9,4 gektar bo‘lib, unda 120 ta ish o‘rni yaratildi.

Namangan tumanida esa elektr dvigatellar ishlab chiqaruvchi yangi korxona o‘z faoliyatini boshladi va 70 nafar aholi ish bilan band bo‘ldi.

Mingbuloq tumanida bayram arafasida ikkita zamonaviy issiqxona foydalanishga topshirildi. Janubiy Koreyaning “Yeollin Engineering Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan qiymati 1 mln 114 ming dollarlik texnologiyalar olib kelindi. “Green house” xorijiy korxonasi 2 gektar maydonda loyiha qiymati 1,5 mln AQSh dollariga teng zamonaviy issiqxona barpo etdi va 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Tumanda umumiy qiymati 9,9 mlrd so‘mga teng bo‘lgan yana bir zamonaviy issiqxona foydalanishga topshirildi. Mazkur issiqxonada asosan pomidor va bodring mahsulotlari yetishtiriladi. Salkam 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Uychi tumanida qiymati 14,5 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilib, 50 ta ish o‘rni yaratildi. Ushbu korxona bir kunda 2000 tonna, yiliga esa 375 ming tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bundan tashqari, yiliga 600 ming tonna shag‘alni qayta ishlash, 200 ming beton mahsulotlari  ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushdi.

Chortoqda yopiq suzish havzasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Do‘stlik mahallasi hududidagi 60 sotix maydonda 6,2 milliard so‘m miqdoridagi respublika budjeti mablag‘lari hisobiga qurib bitkazilgan mazkur inshootda 11×25 metr o‘lchamdagi suzish havzasi, murabbiylar va shug‘ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, tibbiyot va dezinfeksiya qilish uchun maxsus xonalar hamda 120 tomoshabinga mo‘ljallangan o‘rindiqlar mavjud.

Shu kuni Chortoqda zamonaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi.

Do‘stlik mahallasi hududida 35 sotix maydonda qurilgan bog‘cha  120 o‘ringa mo‘ljallangan. Unda bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida ikki korxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, bu korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yana biri esa barcha turdagi yo‘l hamda chamadon-sumka mahsulotlarini ishlab chiqarishga moslashtirilgan. Ushbu korxonada hozirda 100 ga yaqin yoshlar o‘z ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Har ikki korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotning 30 foizi eksportga yo‘naltiriladi, qolgan 70 foizi ichki bozorga chiqariladi.

Top