11:41 / 22.03.2021
5797

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi “Zevarda” va “Umid” konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gaz konlari hamda “Zevarda” konidagi yangi siquv kompressor stansiyasining qurilish ishlari holatini o‘rgandi.

2021 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan, shuningdek, tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini samarali olib borish, 2021 yil uchun amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan geologik-texnik chora-tadbirlarni jadallashtirish orqali belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli mutaxassislarga zarur topshiriqlar berildi.

O‘rganish jarayonida Boshqaruv raisi tomonidan boshqarmadagi qazib chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalarning bugungi holati muhokama qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida, vaxta rejimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning barchasi oziq-ovqat, kiyim-bosh va boshqa zarur anjomlar bilan to‘liq ta’minlangani holati nazorat qilindi.

“Zevarda” konida qatlam bosimining tushishi inobatga olinib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini bir maromda ushlab turish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–2822-son “2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida yangi past bosimli siquv kompressor stansiyasining qurilish-montaj ishlarini yakunlash ishlari bajarilmoqda.

Boshqaruv raisi tashqi infratuzilma obektlari qurilishining amalga oshirilish jarayonini ham o‘rgandi.

Shuningdek, “Umid” konida olib borilayotgan chora-tadbirlar ijrosi, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, ishlab-chiqarish jarayonlarining uzluksiz va bir maromda amalga oshirilishi borib ko‘rildi.

Boshqaruv raisi tomonidan konda qilinishi kerak bo‘lgan kelgusi rejalarni to‘la-to‘kis bajarish borasida tegishli topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda “Umid” konida jami 23 ta quduqda uglevodorod qazib chiqarish jarayonlari amalga oshirilmoqda.

Konning mavjud zaxiralarini samarali o‘zlashtirish va gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida yana 2 ta quduqni burg‘ilash hamda 8 ta quduqda kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, ilgari tugatilgan quduqlardan qo‘shimcha tabiiy gaz qazib chiqarishni tashkillashtirish maqsadida, 27 yildan buyon mahsulot bermay qolgan “Umid” 21-sonli qudug‘ida “Andijonneftgazquduqta’mirlash” korxonasi mutaxassislari bilan birgalikda qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Boshqaruv raisi aynan ushbu quduqni kapital ta’mirlash jarayonlari bilan yaqindan tanishib, ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

“Andijonneftgazquduqta’mirlash” korxonasi rahbariyati, muhandis geolog va texnologlar boshchiligidagi yangidan shakllangan jamoa bilan ishlab chiqarish jarayonlarini mukammallashtirish hamda ishchi-xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratish, aynan shu orqali joylarda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini kӯpaytirish maqsadida chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda.

So‘nggi yillarda, asosan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan hamda eskirgan uskuna va jihozlar bilan faoliyatini davom ettira olmayotgan, tugatilish arafasida turgan “Andijonneftgazquduqta’mirlash” korxonasiga Davronjon Sulaymonov tomonidan qisqa vaqt oralig‘ida 10 mln. dollardan ortiq investitsiya kiritildi.

Natijada barcha asosiy dastgohlar to‘liq modernizatsiya qilindi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga yangi, zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb etish yo‘li bilan takomillashtirish orqali quduqlarni kapital ta’mirlash ishlari yangi bosqichga olib chiqildi.

Ayni vaqtda, ushbu konda “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” MChJ tomonidan 87-sonli ishlatish qudug‘ini burg‘ilash jarayoni ham boshlangan bo‘lib, uning tubi 470 metr chuqurlikda ishlar davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan mo‘ljallangan ishlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish hamda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish borasida yangi tadbirlarni tayyorlash yuzasidan mutaxassislarga tegishli topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top