23:54 / 22.03.2021
6716

Saudiya Arabistoni Yamandagi ixtilofni to‘xtatishga qaratilgan yangi tashabbusni bildirdi  

Saudiya Arabistoni Yamandagi ixtilofni to‘xtatishga qaratilgan yangi tashabbusni bildirdi. Ushbu tashabbus Yamanda BMT patronaji ostida o‘t ochishning to‘liq to‘xtatilishi va siyosiy muzokaralarni qayta boshlashni ko‘zda tutadi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saudning ta'kidlashicha, tashabbusda, shuningdek, Sano aeroportining bir qator xalqaro va mahalliy reyslar uchun ochilishi ko‘zda tutilgan. 

“Biz ushbu tashabbus amalga oshirilishi uchun xalqaro hamjamiyat, hamkorlarimiz, Yaman hukumati bilan ishlamoqdamiz. Biz husiychilar yarashuv shartlarini qabul qilishi, muzokaralar stoliga o‘tirishi va qurol tashlashi uchun barcha imkoni bor ishni qilamiz. Biz siyosiy yechim olg‘a siljish uchun yagona yo‘lligiga ishonamiz”, deb aytgan Faysal Ol Saud.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Xudaydo portidan blokadani olishga tayyor hamda portdan tushadigan soliq va boj yig‘imlarining Yaman markaziy bankidagi umumiy hisobraqamga tushishiga rozi bo‘ladi. 

Saudiyalik vazirning ta'kidlashicha, ushbu tashabbus “husiychilar uchun yamanliklarning azob-uqubatlariga chek qo‘yishdagi yaxshi imkoniyatdir”. Uning aytishicha, husiychilar ushbu tashabbusning amalga oshirilishiga rozi bo‘lishlari bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi.

Yaman hukumati Ar-Riyodning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va Saudiya Arabistonining Yamandagi ixtilofni to‘xtatish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qadrlashini aytgan.  

O‘z navbatida, husiychilar Saudiya Arabistonining taklifiga salbiy munosabat bildirishgan. Jumladan, “Ansor Alloh” delegatsiyasining muzokaralardagi vakili Muhammad Abdulsalom ushbu taklifni nojiddiy deb atagan. 

“Blokadaning olinishi uchun hech qanday tashabbus shart emas, gumanitar masalalarni dastak qilish Yaman xalqiga nisbatan jinoyatdir. Saudiya Arabistoni avval muhokama qilingan g‘oyalarni taklif qilishni bas qilib, tajovuzni to‘xtatishi va Yamandan blokadani olishi kerak”, deb aytgan Abdulsalom.      

Yamanda 2014 yil avgustdan beri hukumat kuchlari va husiychilar o‘rtasida qarama-qarshilik davom etib kelmoqda. Ushbu ixtilofda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Husiychilar bunga javoban Saudiya Arabistonining infratuzilmasini nishonga olib, podshohlikka bot-bot hujumlar uyushtiradi.

5 yildan beri davom etayotgan ixtilof dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz paydo bo‘lishiga olib kelgan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 24 mlndan ko‘proq yamanlik, ya'ni mamlakat aholisining 80 foizi gumanitar yordamga muhtoj, mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni 3 mlndan oshadi. 

Mavzuga oid
Top