18:55 / 23.03.2021
5724
«Avtomobilga bo‘lgan talab 3 foizga oshdi» - Avtomashina oldi-sotdisining fevraldagi ko‘rsatkichlari ma'lum qilindi

2021 yilning fevral oyida O‘zbekiston aholisining avtomobillarga bo‘lgan talabi yanvardagiga nisbatan 3 foizga oshdi. Avtomashina oldi-sotdisi bo‘yicha ko‘rsatkich esa 2020 yilning mos davriga qaraganda 10,4 foizga pasaygan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, fevral oyida aholining avtomobillarga bo‘lgan talabi yanvardagiga nisbatan 3 foizga oshgani kuzatilgan. Bu haqda markaz bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Avtomashina oldi-sotdisi bo‘yicha joriy yil fevralidagi ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 10,4 foizga kamni tashkil etgan.

Mazkur pasayish «Asaka» avtomobil zavodida 2021 yil yanvar-fevral oylarida barcha zaruriy modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilgani bilan izohlanadi.

Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur'atlari Andijon (37 foiz), Buxoro (18,4 foiz) va Qashqadaryo (18 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. 

«Odatda, respublika bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat'iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga (o‘tgan fevral oyiga nisbatan 34,6 foizga), aprel oyida esa 73,8 foizga (63,1 foizga) kamaygan edi», deya ma'lum qilgan markaz vakili.

Tahlilda 2020 yilning may oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshlagani, iyun oyidagi savdo 2019 yil mos davriga qaraganda 14,8 foizga ko‘paygani keltirilgan. Avgustda esa ushbu ko‘rsatkich 3,8 foizni (o‘tgan oyga nisbatan 54,3 foizni) tashkil etgan. 

Avtomobil bozorida talab sentyabr-oktyabr oylarida ham o‘sishda davom etgan bo‘lib, savdo hajmi 2019 yil mos davri bilan taqqoslaganda sentyabr oyida 29,5 foizga, oktyabrda 19,2 foizga, noyabrda 9 foizga va dekabrda 10 foizga o‘sgan.

  • Avvalroq, 2021 yilning yanvar oyida UzAuto Motors'ning avtomobil ishlab chiqarishi 4 barobarga qisqargani xabar qilingandi. Xususan, kompaniya tomonidan joriy yilning yanvarida 5 ming 235 ta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 4,2 barobarga kamdir.
  • Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga respublikamizda jismoniy shaxslarga tegishli jami yengil avtomobillar soni 2 million 767 ming 126 tani tashkil etmoqda.
Top