17:24 / 23.03.2021
8337
Bolalar uchun yangi telekanal ishga tushdi

2021 yilning 22 martidan O‘zbekistondagi birinchi bolalar ta'lim va ko‘ngilochar telekanalining translatsiyasi boshlandi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Maktabgacha ta'lim vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil avgust oyida qabul qilingan «Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar - ma'rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida» gi qarori asosida AQLVOY telekanali o‘z faoliyatini boshladi.

Kanalda Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlarda taniqli jahon studiyalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi animatsion seriallar va dasturlar namoyish etiladi. Kanalning asosiy ustunligi mamlakatning madaniy kodini hisobga olgan holda xorijiy tarkibni o‘zbek tiliga moslashtiradi va yuqori sifatli tarjima bo‘ladi.

«Ayni paytda Sony, Disney, Universal kabi yirik kinokompaniyalar bilan animatsiya to‘plamini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda», deydi telekanal bosh ijrochi direktori Vela Fidel.

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin ma'lum qilishicha, kanalda vazirlikning so‘nggi metodik ishlanmalarini hisobga olgan holda amalga oshirilgan dasturlar ham mavjud.

«Bolalar telekanali interaktiv texnologiyalar va audiovizual san'at va televideniye sohasidagi so‘nggi yutuqlardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratadigan, O‘zbekiston uchun yangi zamonaviy texnik bazada yaratiladi. Kanalda bolalarning bilim olish faolligini oshirish, intellektual va ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, bolalarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ta'lim beruvchi, rivojlantiruvchi va o‘yin elementlarini o‘zida mujassam etgan teleko‘rsatuvlar va multimedia kontentini yaratish, bolalarga vatanga muhabbatni, yurtimiz madaniyati va tarixi, qadriyatlarni singdirish, ularda sog‘lom turmush tarziga oid bilimlarni shakllantirish kabi g‘oyalar targ‘ib qilinishi ko‘zda tutilgan», degan u.

AQLVOY telekanali ertalab soat 7dan kechki 22gacha efirga uzatiladi. Kelajakda onlayn translatsiya ham rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 7,5 milliondan ortiq 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar bor. Mazkur telekanalning asosiy auditoriyasi 3 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalar hisoblanadi.

Top