12:26 / 23.03.2021
5438

Fevral oyida ko‘chmas mulk savdosida o‘sish kuzatildi

2021 yil fevral oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 2020 yil mos davriga nisbatan 19,7 foizga ortgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi vakilining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, fevral oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan.

Xususan, o‘tgan oyda respublikada ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni yanvar oyi bilan taqqoslaganda 11,5 foizga (2020 yil fevral oyiga nisbatan 19,7 foizga) ko‘paygan.

Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizdan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 10,8 foizni (2020 yil fevral oyiga nisbatan 23,7 foizni) tashkil qilgan.

Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida karantin cheklovlari o‘rnatilishi sababli iqtisodiy faollik birdaniga tushib ketgani kuzatilgan. Jumladan, aprel oyidagi lokdaun ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 2019 yil mos davriga nisbatan 87,1 foizga (Toshkent shahrida 94,2 foizga va Toshkent viloyatida 89,8 foizga) kamayishiga olib kelgan.

Avvalroq, PwC Uzbekistan kompaniyasining konsultatsion xizmatlar bo‘yicha direktori Behzod Ortiqov inqiroz davrida ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab va pandemiyadan keyin O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori qanday bo‘lishi haqida fikrlarini bildirgandi.  

Top