15:03 / 23.03.2021
5445
MIB «Korean and migration» agentligidan jabr ko‘rganlarga zararni undirish choralari bo‘yicha bayonot berdi

 Majburiy ijro byurosi “Korean and migration” xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rgan fuqarolarning yetkazilgan zararlarni ololmayotgani haqidagi xabarlarini o‘rganib chiqdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi hukmiga asosan sudlangan Q.Otaqulov va boshqalardan solidar tartibda 2 298 nafar fuqaro foydasiga jami 19 804 169 257 so‘m moddiy zarar undirish haqidagi ijro hujjati MIB Toshkent shahar boshqarmasi ish yurituviga kelib tushgan.

Sud hukmiga asosan, tergov davomida xatlangan 7 524 716 290 so‘m pul mablag‘larini, 307 257 212 so‘m ortiqcha to‘langan soliqlarni, 254 632 846 so‘mga baholangan “Malibu” rusumli avtotransport vositasini, 154 114 000 so‘mga baholangan Namangan viloyati Uychi tumanida joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 661,7 kvadrat metr bo‘lgan idora bino-inshootini hamda jami 201 181 173 so‘mlik ofis jihozlarini jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplashga qaratish belgilangan.

IIV depozit hisobraqamida saqlanayotgan jami 7 524 716 290 so‘m pul mablag‘lari MIB Toshkent shahar boshqarmasi depozit hisobraqamiga kelib tushgan hamda bugungi kunga qadar bank hisobraqamlari to‘g‘risida arizalari kelib tushgan 1 456 nafar fuqaroga jami 7 189 972 822 so‘m pul mablag‘lari proporsional taqsimlab, o‘tkazib berilgan.

Shuningdek, “Malibu” rusumli avtotransport vositasi sotuvidan tushgan 236 961 327 so‘m hamda DSIdan qaytarilgan 307 257 212 so‘m ortiqcha to‘langan soliqlar undiruvchilarga proporsional taqsimlanib, 1 456 nafar undiruvchiga 518 820 836 so‘m o‘tkazib berilgan.

Ijro harakatlari davomida jami 201 181 173 so‘mlik ofis jihozlari realizatsiya qilish savdo do‘konlariga topshirilgan bo‘lib, shu kunga qadar sotilmagan.

Uychi tumanida joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 661,7 kvadrat metr bo‘lgan idora bino-inshooti ko‘zdan kechirilganda, ko‘chmas mulk obektining maydoni aslida 3403,8 kvadrat metr ekani aniqlangan va hozirda ko‘chmas mulk obektini baholatish choralari ko‘rilmoqda.

Qarzdor X.Turdiyev nomida bo‘lgan “Lada 212140” rusumli avtotransport vositasi 76 870 000 so‘mga baholangan bo‘lib, hozirda auksion savdolari orqali sotish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, qarzdor X.Turdiyev nomidagi Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida joylashgan turar joy obekti 116 582 000 so‘mga baholangan bo‘lib, elektron onlayn-auksion savdosi 15 aprelga tayinlangan.

Bundan tashqari, qarzdor A.Shamshiddinov nomidagi Namangan viloyati, Uychi tumanida joylashgan savdo do‘konini mutaxassis tomonidan baholatish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur yig‘ma ijro ishi alohida nazoratga olingan bo‘lib, hozirgi kunda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilmoqda va undirilgan pul mablag‘lari undiruvchilarga proporsional taqsimlanadi, deyiladi MIB bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 14 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ mas'ullariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetgan va sud hukmi e'lon qilingandi. Hukmga ko‘ra, agentlik mas'ullari aybdor deb topilib, jami 12 kishiga 5 yil 9 oydan 9 yilga qadar qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqarolarga yetkazilgan jami zarar 19,5 mlrd so‘mdan ortiqligi, tergovda undirilgan va xatlangan mol-mulk esa 8,5 mlrd so‘m atrofida ekani ma'lum qilingan.

Top