10:00 / 23.03.2021
2188

«O‘zbekinvest» kompaniyasi 2020 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston sug‘urta bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlab, yetakchilikni saqlab qoldi

2020 yil yakunlari bo‘yicha «O‘zbekinvest» kompaniyasi 262 mlrd so‘m miqdorida sug‘urta mukofotlarini yig‘ib, O‘zbekiston sug‘urta bozorida yetakchilikni mustahkamladi.

Kompaniya investitsiya loyihalari, kichik va o‘rta biznes sub'yektlari, erkin iqtisodiy, industrial va sanoat zonalari sub'yektlarini, transport vositalari egalarining javobgarligi va eksportchilarni kompleks sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotlarining yig‘imi keskin o‘sishi natijasida birinchi o‘rinni egalladi.

Mijozlar bazasi 138 foizga o‘sishi ta'minlandi, 686 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar «O‘zbekinvest» kompaniyasiga ishonch bildirishdi.

2020 yilda kompaniya qayta sug‘urtalash xalqaro bozorida faoliyatini faollashtirish natijasida keskin o‘sish sur'atlarini ko‘rsatib, ushbu biznes yo‘nalishi bo‘yicha sug‘urta mukofotlari hajmi 2019 yilga nisbatan 13 baravar o‘sib, 95 mlrd so‘mni tashkil qildi. Natijada, kompaniya portfelidagi xalqaro sug‘urtaning ulushi 3 foizdan 37 foizgacha o‘sdi.

2020 yilda kompaniya tomonidan 69,9 mlrd so‘m sug‘urta tovonlari to‘landi va 2019 yilning shu davriga nisbatan 44,8 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘ldi yoki o‘sish 2,8 baravar bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichning o‘sishiga Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida texnogen talafot va tabiiy ofat natijasida jabrlanganlarga sug‘urta qoplamalari to‘lanishi hamda aholiga COVID-19'dan sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar keskin o‘sishi asosiy sabablardan bo‘ldi.

Kompaniya tomonidan 2019 yilga nisbatan 6 baravar yoki 16,5 mlrd so‘mga ko‘proq soliq va to‘lovlar budjetga to‘lanib, 2020 yilda bu ko‘rsatkich hajmi 19,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Soliq va sug‘urta to‘lovlarining hajmi o‘sishiga qaramay, kompaniya aktivlari 2019 yilga nisbatan 115,4 foizga ko‘payishi ta'minlandi. Shuningdek, yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining ma'lum qismi kompaniya depozit bazasini kengaytirishga yo‘naltirilib, «O‘zbekinvest» AJ milliy valutadagi depozit portfeli 121 foizga, xorijiy valutadagi depozit portfeli 105 foizga oshdi.

Kompaniyaning sof foyda hajmi 2019 yil yakunlariga nisbatan 125 foizga oshdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan 2021 yil Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e'lon qilinishi munosabati bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda joriy yilda «O‘zbekinvest» kompaniyasi biznesning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishni davom ettirib, qishloq joylarda mijozlar bazasini kengaytirishni, zamonaviy axborot texnologiyalari, mijozlar bilan masofaviy va onlayn aloqalarni joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarining sifatini va qulayligini oshirish, shuningdek, xalqaro sug‘urta bozorlarida xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sug‘urta xizmatlari eksportini oshirishni ustuvor vazifa qilib belgiladi.

«O‘zbekinvest» EISK AJ Matbuot xizmati

Top