10:55 / 23.03.2021
474
Samarqand viloyatida 157ta maktab mukammal ta'mirga muhtoj

Samarqand viloyatidagi 109ta maktabda rekonstruksiya, 157ta maktabda mukammal ta'mirlash ishlari olib borilishi zarur. Mazkur maktablarda 155 ming 600 nafardan ortiq o‘quvchi yetarlicha sharoit bo‘lmagan holda ta'lim olmoqda. Bu haqda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan brifingda xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatida xalq ta'limi boshqarmasiga fuqarolardan bo‘layotgan eng ko‘p murojaat maktablar qurilish-ta'mirlash ishlari bilan bog‘liq. Viloyat XTBga 2020 yilda ushbu yo‘nalishda 600dan ortiq, 2021 yilning o‘tgan davrida 197ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar bo‘yicha maktablarda mukammal ta'mirlash va rekonstruksiya ishlarini olib borish borasida muammolar tizimli ravishda o‘rganilganda, viloyatdagi 109ta maktabda rekonstruksiya, 157ta maktabda mukammal ta'mirlash ishlari olib borilishi zarurligi ma'lum bo‘lgan.

Viloyat XTB boshlig‘ining ma'lum qilishicha, yuqoridagi raqamlar birgina qurilish yo‘nalishidagi dolzarb ishlarni ifodalaydi. Bundan tashqari, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, atrofini o‘rash, ichimlik suvi bilan ta'minlash, isitish tizimlarini soz holatga keltirish, yangilash, joriy ta'mirlash ishlari va eng muhimi, ta'lim muassasalarini jihozlash masalalari ham kun tartibida turibdi. 

Brifingda aytilishicha, 2020 yilda viloyat bo‘yicha 52ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlariga 150 milliard so‘m sarflangan. 2021 yilda esa 37ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari, 2ta yangi maktab qurilishiga 174 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Top