16:34 / 23.03.2021
11794
«Yaponiya va Kot-d'Ivuar bilan o‘yin varianti ham bor edi». Aziz Haydarov Gana nega asosiy tarkibda kelmagani va boshqa takliflar haqida

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Aziz Haydarov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Gana milliy jamoasi nega asosiy tarkib bilan kelmagani va yana qaysi milliy jamoalarga taklif bilan chiqilgani haqida gapirdi.

«Gana milliy jamoasi nima sababdan ikkinchi tarkibi bilan kelyapti, degan savollar tug‘ilyapti. Bunga javob berib o‘tsam. Dastavval bizda Yaponiya bilan o‘yin varianti bor edi. Uchrashuv ularning maydonida 25 mart sanasida o‘tishi lozim edi. Sharti shu ediki, biz Yaponiyaga o‘yindan 3 kun avval yetib borishimiz kerak edi. Shuningdek, mehmonxonadan chiqmaslik sharti bor edi. Biroq bu bizga biroz noqulay variant edi. Chunki u yerdan darhol qaytishimiz va Iroqqa qarshi o‘ynashimiz kerak, vaqtimiz yo‘lda o‘tib ketadi, yig‘in yig‘indek bo‘lmay qoladi. Boz ustiga legionerlarimizga ham bu ancha noqulay – uzoq masofaga uchish, keyin yana o‘z klublari ixtiyoriga qaytishiga to‘g‘ri kelardi. Xullas, biz ularga o‘yinga bir kun qolganida charter reys bilan boraylik, deya taklif berdik. Biroq bu taklifimizga yaponlar ko‘nishmadi. Murabbiy bunday noqulaylikka rozi bo‘lmadi.

Keyin Kot-d'Ivuar milliy jamoasiga taklif berdik. Afrikaning bu kuchli jamoasi asosiy tarkibi bilan bizga raqiblik qilishi mumkin edi. Biroq ular “asosiy tarkibni yig‘a olmayapmiz” deya paysalga solaverishdi. Shundan so‘ng biz mahalliy futbolchilari bilan o‘ynasa-da, biror milliy jamoa bilan o‘ynashimiz kerak, degan xulosaga keldik. Bizda Gana varianti paydo bo‘ldi. Asosiy jamoani 10 kun ichida yig‘ib, olib kelish deyarli imkonsiz edi. Pandemiya ko‘p ishlarimizga xalal berdi. Rejalarimiz o‘zgarib ketdi, qisqa vaqt ichida yo‘q joydan Gana variantini topganimizning o‘zi katta gap, menimcha. Bu o‘yin ham bo‘lmasligi mumkin edi, bunda Iroq bilan ikki o‘yin o‘ynab qo‘yardik. 

Gana milliy jamoasining asosiy o‘yinchilari Fransiya, Germaniya, Angliyada to‘p suradi. Ularning bu sharoitda milliy jamoa ixtiyoriga o‘rtoqlik o‘yini uchun kelishi dargumon. JAR milliy jamoasi bilan rasmiy o‘yini bo‘ladimi yoki yo‘q, hanuz noma'lum. JAR Gana bilan o‘ynamasligimiz ehtimoli yuqori, chunki legionerlarimiz yo‘q, deb yozayapti haligacha. Lekin Afrika futbol ittifoqi JARga har qanday holatda ham o‘yinni o‘tkazasizlar, deb shart qo‘ygan.

Bir narsani e'tiborga olishingizni so‘rardim: biz ham pandemiya davrida yig‘inlarni va o‘rtoqlik o‘yinlarini mahalliy futbolchilar bilan o‘tkazdik. Biror marta qaysidir raqib bizga asosiy jamoangni olib kelmabsan, bu asosiy tarkibing emas-ku, legionerlaring qani, demadi-ku. Kim o‘ynamasin, baribir bu Milliy jamoa.

Namangan viloyati hokimiga tashakkur aytaman, u kishi biz bilan uchrashdi, barcha sharoitlarni yaratib berishini aytdi. Umid qilamiz, o‘yinlarimiz chiroyli o‘tadi. Nasib bo‘lsa, milliy jamoamiz boshqa viloyatlarda ham o‘ynaydi», - deya Aziz Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi 26 mart kuni Namanganda Ganaga qarshi, 29 mart kuni esa Toshkentda Iroq milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Top