13:29 / 24.03.2021
7733

«Ajratilgan mablag‘lar natijasini baholovchi mezonlar ishlab chiqildi» - Vazir o‘rinbosari dasturiy budjetlashtirish tizimiga o‘tish zarurati haqida

2022 yildan barcha vazirlik va idoralarga ajratiladigan budjet mablag‘larining maqsadli indikatorlari belgilanadi va dasturiy budjetlashtirish tizimi joriy etiladi.

23 mart kuni Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda dasturiy budjetlashtirish tizimini joriy etish masalasida halqaro seminar o‘tkazildi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Aytilishicha, yangi tizim orqali davlat budjeti ijrosini rejalashtirish, bajarish va nazorat qilish mumkin bo‘ladi va u 2022 yildan ishga tushadi.

Tadbirda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov dasturiy budjetlashtirishning nima uchun zarurligiga izoh berdi.

«Ko‘p bloger va jurnalistlar davlat budjeti mablag‘lari samarali ishlatilyaptimi, bu bo‘yicha nima ishlar qilinyapti, degan masalani ko‘tarishmoqda. Mana shu kabi savollarga dasturiy budjetlashtirish tizimiga o‘tish javob beradi.

Hozirgacha Moliya vazirligi, umuman hukumat Oliy Majlis palatalarida budjetni himoya qilayotganda falon dasturga buncha mablag‘ ajratildi, deb hisobot berib kelgan. Lekin dasturga ajratilgan mablag‘lar bilan qanday natijalarga erishildi, degan savolga javob yo‘q. Chunki buning monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun dasturiy budjetlashtirishga o‘tish judayam muhim», – dedi vazir o‘rinbosari.

Ahadbek Haydarov

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda yangi tizim Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Suv xo‘jaligi vazirliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilmoqda.  

Shuningdek, seminar doirasida «Fuqarolar uchun budjet» nashri taqdimoti  ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Moliya vazirligi davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhamedov ma'lumot berdi.  

Sherzod Muhamedov

«Ushbu axborot nashri fuqarolarga budjet ma'lumotlarini infografikalar va taqqoslanma ma'lumotlar orqali mamlakatimizning bir necha yillardagi iqtisodiy holatini taqqoslagan, turli moliyaviy termin va atamalardan chetlashgan holda tushuntirib berish maqsadida tayyorlandi. Bu galgi nashr 2021 yil uchun tasdiqlangan budjet ma'lumotlari asosida ishlab chiqildi. Nashr Moliya vazirligining rasmiy veb-sahifalarida e'lon qilingan. Barcha qiziquvchilar u bilan tanishishlari mumkin.

Axborot nashrida 2019-2020 yillardagi respublika iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda 2023 yilgacha bo‘lgan prognozlar aks etgan. Xususan, makroiqtisodiy o‘sishlar, YaIM o‘tgan yillarda qancha miqdorni tashkil etgani, o‘sish sur'ati qanday bo‘lgani va 2023 yilga borib qay holatda bo‘lishi batafsil bayon qilingan», – dedi vazirlik rasmiysi.

Ma'lum qilinishicha, nashrda budjet qonun hujjatlarida nimalar o‘zgargani, konsolidatsiyalashgan budjet qamrovi, xarajatlari va taqchilligi ham yoritilgan. Alohida bir bo‘limda davlat qarzining holati va dinamikasi ham keltirilgan.

Mavzuga oid
Top