13:25 / 24.03.2021
1831
Farg‘ona viloyatidagi sektorlar faoliyati baholandi. Qo‘shtepa birinchi, Quva oxirgi o‘rinda qayd etildi

Farg‘onada sektor rahbarlarining faoliyat samaradorligini o‘rganish va ularni baholashning ikki oylik reyting tizimi natijalari e'lon qilindi. Qo‘shtepa, Rishton va Farg‘ona tumanlari faol. Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston, Quva tumanlaridagi ayrim sektor rahbarlari past natija qayd etgan.  

Foto: KUN.UZ

Ta'kidlanishicha, Prezident ko‘rsatmasiga binoan Farg‘ona viloyatida sektor rahbarlari faoliyatini baholash mezonlari ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Unga asosan sektor rahbarlarini har oyda 13 ta ko‘rsatkich (indikator) asosida baholab borish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, viloyatdagi 76 ta sektor faoliyati joriy yilning yanvar—fevral oylari bo‘yicha baholab chiqilgan.

Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali Kun.uzga xabar bermoqda. 

Sektor rahbarlarining faoliyat samaradorligini o‘rganish va ularni baholashning ikki oylik reyting tizimi natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Qo‘shtepa tumani 1-sektori (Novikov), 2-o‘rinni Rishton tumani 2-sektori (Turdaliyev), 3-o‘rinni Farg‘ona tumani 2-sektori (Ahrorov), 4-o‘rinni Yozyovon tumani 4-sektori (Oxunov) va 5-o‘rinni So‘x tumani 1-sektori (Sayidmusayev) egalladi.

Quyi o‘rinlarni egallagan sektor rahbarlari esa quyidagilardir: 74-o‘rinda Qo‘qon shahar 4-sektori (Baratov), 75-o‘rinda O‘zbekiston tumani 3-sektori (Najmiddinov), 76-o‘rinda Quva tumani 4-sektori (Alijonov).

Shuningdek, viloyat sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasini o‘rganish maqsadida 1 ming 41 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi har bir mahalladan 5 nafardan aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 56,4 foiz fuqarolar sektor rahbarlari faoliyatidan qoniqayotganligi, 23,4 foizi aholi sektorlar faoliyatidan qoniqmasligi, 20,2 foizi esa sektorlar faoliyati haqida bilmasligi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan.

Top