22:01 / 24.03.2021
29326
Ijtimoiy tarmoqda prezident nomidan akkaunt ochib, fuqarolarni chuv tushirgan shaxs ushlandi

Facebook'da prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan soxta akkaunt ochib, fuqarolarga uy-joy va bank kreditlari ajratishda yordam berishni va'da qilib, ularni chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi ma'lum qildi.

Foto: IIV axborot xizmati

Xabar qilinishicha, profil egasi muloqot jarayonida o‘zini Prezident Administratsiyasi rahbari deb tanishtirib, foydalanuvchilar bilan yozishmalar olib borgan, uy-joy va bank kreditlari ajratish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatishini va'da qilgan.

Buning evaziga fuqarolardan 50 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini plastik kartasiga tushirgan holda o‘zlashtirib, firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

2021 yil 5 fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida tezkor-texnik qidiruv tadbiri o‘tkazilib, bu harakatlarni Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha yashovchi 1982 y.t. M.M. sodir etgani aniqlangan va telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Hozirda fuqaro M.M.ga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top