18:45 / 24.03.2021
2676
Mahallalar sharoitini yaxshilashga 21 trillion so‘m yo‘naltiramiz – Shavkat Mirziyoyev

Bunday mablag‘ shu kungacha biror marta berilmagani ta'kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mahallalar sharoitini yaxshilash uchun 21 million so‘m yo‘naltirilishini ma'lum qildi.

«Joriy yilda qishloq va mahallalarda aholi sharoitini yaxshilashga jami 21 trillion so‘m yo‘naltiramiz. Bunday mablag‘ shu kungacha biror marta berilmagan. 9ta yo‘nalish bo‘yicha ajratilayotgan ushbu mablag‘lar har bir tuman va shahar hokimi bilan muhokama qilindi.

O‘tgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida bu dasturlar asosida amalga oshiradigan loyihalar himoya qilinib, qaysi mahalla va qishloq tanlangani, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va bunda aholi ishtirokiga oid masalalar belgilab olindi.

Masalan, Payariq tumanida 145 kilometr yo‘llar, 1 ming kilometr elektr tarmog‘i, 250ta transformator va 54 kilometr ichimlik suvi tizimi yaroqsiz ahvolda, 26ta maktab, 17ta bog‘cha, 4ta qishloq oilaviy shifokor punkti ta'mirtalab.

Shuningdek, tumanda ishsizlar soni 9 ming 400 nafarni tashkil etadi, «temir daftar»ga mingta oila, «yoshlar daftari»ga 6 ming va «ayollar daftari »ga 2 ming 200 kishi kiritilgan.

Joriy yilda Payariq tumanidagi 56ta qishloqda 83 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Umuman olganda, Samarqand viloyatida 717ta qishloq va 198ta shahar mahallalari qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, infratuzilmasini yaxshilash va aholi bandligini ta'minlashga 1,6 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda tadbirda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri.

Top