15:02 / 24.03.2021
13555
Patrushev AQShni Rossiyaning «og‘ir kunlari» uchun javob berishi to‘g‘risida ogohlantirdi

Jyeyk Sallivan AQShning Rossiya bilan yaqin kelajakdagi munosabatlari oddiy bo‘lmasligini va ayrim masalalarda jiddiy kelishmovchiliklar borligi sababli oldinda «og‘ir kunlar» turganini aytgandi.  

Foto: RIA Novosti

Agar Vashington Moskva uchun «og‘ir kunlar» paydo qiladigan bo‘lsa, Amerika tomoni buning uchun javob beradi, dedi Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev. U AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning ikki tomonlama munosabatlar kelajagi to‘g‘risidagi bayonotini ana shunday izohladi. 

«Oldindan aytishyaptimi, demak, rejalashtirishyapti. Rejalashtirishyaptimi, amalga oshirishlari ham mumkin. Lekin unda qilgan ishlari uchun javob berishadi», — dedi Patrushev. 

U Rossiya AQShga nisbatan hech qanday dushmanlik harakati qilmagani va bundan keyin ham qilmoqchi emasligini aytdi. 

Sallivan 22 mart kuni AQShning Rossiya bilan yaqin kelajakdagi munosabatlari oddiy bo‘lmasligini va ayrim masalalarda jiddiy kelishmovchiliklar borligi sababli oldinda «og‘ir kunlar» turganini aytgandi.  

Shu bilan birga, Amerika ma'muriyati Moskva va Vashington yadro qurollari ustidan nazorat kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilishi mumkin, deb hisoblamoqda. 

Top