17:42 / 24.03.2021
29324
Andijonda xorij fuqarosidan musodara qilingan Hummer auksionda 301 mln so‘mga sotildi

3 oy muhlat bilan O‘zbekistonga olib kirilgan mashina belgilangan muddat ichida olib chiqib ketilmagan.

Rossiya fuqarosi Sh.Temirboyev o‘z boshqaruvidagi «Hammer H1» rusumli, davlat raqami 04 KG 079 ADE bo‘lgan transport vositasini 2019 yil 29 sentyabrda «Do‘stlik» chegara posti orqali O‘zbekistonga olib kirgan.

Sh.Temirboyev transport vositasini 2019 yil 27 dekabrga qadar respublika hududidan olib chiqib ketish kerak bo‘lsa-da, belgilangan muddatda transport vositasini respublika hududidan olib chiqib ketmagani natijasida unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Majburiy ijro byurosidan xabar qilishlaricha, 2020 yil 25 dekabr kuni ma'muriy ish Andijon shahar ma'muriy sudida ko‘rilgan. Natijada avtomobil sud tomonidan musodara qilingan.

Sud qaroriga asosan, MIBning Andijon shahar bo‘limi ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarib, transport vositasini auksion savdolariga chiqargan.

Onlayn savdolar natijasiga ko‘ra, Hummer H1 301 mln 158 ming so‘mga sotildi. Savdodan kelib tushgan pul mablag‘lari davlat budjetiga yo‘naltirildi, deyiladi xabarda.

Top