10:43 / 24.03.2021
6134
Qarshida shahar hokimi o‘rinbosari ko‘p yillik daraxtlarni tunda kestirib, ekologiyaga zarar yetkazgani ma'lum bo‘ldi

Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘ida ko‘p yillik daraxtlar tunda kesib ketilgan. Ma'lum bo‘lishicha, ularni Qarshi shahri hokimining o‘rinbosari nazoratida shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari kesgan. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 15 mart kuni tungi soat 23:00 lar atrofida Qarshi shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘i ichidagi «Nuroniylar maskani»da shahar hokimligi huzuridagi obodonlashtirish boshqarmasining bir guruh xodimlari ushbu hududdagi har xil turdagi va turli diametrdagi ko‘p yillik daraxtlarni motoarra yordamida kesgan. So‘ng obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan TTZ-80 rusumli davlat raqami 727 GA 70 traktorining 700 DA 70 va 701 DA 70 tirkamalariga kesilgan daraxtlarni ortayotgani aniqlangan. O‘shanda viloyat ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan holat yuzasidan huquqbuzarlarga tushuntirish ishlari olib borilgan va qonuniy chora ko‘rilgunga qadar ulardan motoarralar olib qo‘yilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, tushuntirish ishlari ta'sir qilmagan huquqbuzarlar – shahar hokimligi huzuridagi obodonlashtirish boshqarmasining bir guruh xodimlari 22 mart kuni tungi soat 00:10 lar atrofida Qarshi shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘i ichidagi «Nuroniylar maskani»da Qarshi shahar hokimi o‘rinbosarining nazorati ostida ushbu hududdagi har xil turdagi va turli diametrdagi ko‘p yillik daraxtlarning qolganini ham motoarra yordamida kesib bo‘laklayotgani aniqlangan.

Viloyat ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan yuqorida keltirilgan ikkala holat atroflicha o‘rganilib, moratoriy davrida ham saqlab qolishni imkoni bo‘lmagan 14 dona ko‘p yillik daraxtlar diametrlari o‘lchanganda tabiatga va o‘simlik dunyosiga 58 million 677 ming so‘m zarar yetkazilgani ma'lum bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, viloyat ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan mazkur holatlar bo‘yicha vakolat doirasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, istirohat bog‘i ichidagi daraxtlarni Qarshi shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ayrat Sultonov kestirgan. Mazkur ish yuzasidan G‘ayrat Sultonovdan izoh olish uchun bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

P.S. Bugun O‘zbekistondagi istalgan shaharning bir necha yil avvalgi fotosuratlari bilan bugungi holati solishtirib ko‘rilsa, ularda yashillik kamayib borayotganiga va ko‘plab daraxtlar kesilib ketganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shu jumladan, Qarshi shahrida ham. Shaharning ancha issiq mintaqada joylashgani inobatga olinsa, bu yerda daraxt kesish emas, aksincha, ko‘proq daraxt ekish kerak. Afsuski, buni mas'ul rahbarlar tushunib yetmayapti va inobatga olmayapti hamda turli qurilishlar uchun daraxtlarni o‘zlari bosh bo‘lib, ayovsiz kestirmoqda.

Top