12:17 / 24.03.2021
1514
Sirdaryolik ota mashinasi xatlangach farzandlariga 31 million so‘m aliment to‘lab berdi

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida alimentdan qarzdor bo‘lgan ota mashinasi xatlangach farzandlariga 31 million so‘m qarzdorlikni to‘lab berdi.

Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasining ma'lum qilishicha, Guliston tumanlararo sudining 2017 yil 11 iyulda chiqargan qaroriga asosan qarzdor I.E.dan undiruvchi G.E. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun daromadlarining 1/2 qismi miqdorida aliment undirish ko‘rsatilgan va MIB Xovos tumani bo‘limi ish yurituviga o‘tkazilgan.

MIB Xovos tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qarzdor I.E. aliment to‘lashi yuzasidan bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lsa-da, qarzdor ota 31 034 595 so‘m aliment pulini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab, o‘z farzandlarini moddiy ta'minotsiz qoldirib kelgan.

Qayd etilishicha, qaror ijrosini ta'minlash maqsadida 2021 yil 16 mart sanasida qarzdorning mol-mulki qayta o‘rganilgan. Natijada I.E.ga tegishli «Nexia» rusumli avtomashina aniqlanib, xolislar ishtirokida xatlanib, jarima maydonchasiga saqlash uchun topshirilgan va bu haqda tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng avtomashinasi sotilib ketishidan sarosimaga tushgan qarzdor I.E. 18 mart kuni farzandlari uchun 31 034 595 so‘m miqdorida aliment pullarini undiruvchi G.E.ga to‘lab bergan.

Top