19:07 / 24.03.2021
12149
«Kamchiliklar barcha hududlarda bor» – prezident tashriflar vaqtida sektorlar rahbarlari ishdan olinishi haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari «bir martalik ish»ga aylanib qolmasligi, qilingan har bir so‘m investitsiya, odamlarimizga uch baravar ko‘p foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishi lozimligi haqida gapirdi.

«Afsuski, hamma rahbarlar ham bu masalalarni tushunib yetmayapti. Misol uchun, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlari mahallalaridagi haqiqiy holat buning aksi ekanini ko‘rsatdi. Shu sababli, Farg‘ona va Namangan shaharlarining 4ta sektor rahbari ishdan olindi. Toshkent viloyati va Chirchiq shahri sektor rahbarlariga vaziyatni yaxshilash bo‘yicha muddat berildi. O‘zgarish bo‘lmasa, ularga ham chora ko‘riladi. Lekin bu kabi kamchiliklar barcha hududlarda mavjud.

Har bir hokimlik kengash bilan bamaslahat ishlashni o‘rganishi zarur. Shunda xato kam bo‘ladi. 

Masalan, bugungi kunda respublikada eng og‘ir ahvolga tushib qolgan 796ta qishloq va 188ta shahar mahallalari mavjud. Shuningdek, 137ta mahalladagi 431ta ikki qavatli uylar avariya holatida.

Tushuninglar, mahallalarda infrastruktura ko‘ngildagidek bo‘lmasa, svet, gaz yetkazilmasa, investor bormaydi u yerga.

Xuddi shu kabi, 4 mingdan ziyod mahallaning elektr ta'minoti qoniqarsiz ahvolda. Shu sababli, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari, mutlaqo yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi.

Topshirig‘imga ko‘ra, 206ta tuman va shahar hokimlari, yo‘l, elektr, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas'ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, qishloq va mahalla aholisi bilan maslahat qilinib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq ishlar belgilab olindi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Eslatib o‘tamiz, prezident fevral oyida Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashriflari vaqtida mahallalardagi holat qoniqarsizligi tufayli Farg‘ona va Namangan shaharlari «to‘rtlik»larini ishdan olgan, shuningdek, Farg‘ona viloyatining to‘rt tumanida, Namangan viloyatining Uychi tumanida rahbarlar almashgan.
Top