18:23 / 25.03.2021
4746
2020 yilda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning xarajatlari 100 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan

2020 yilda O‘zbekistondagi 5ta siyosiy partiyaning umumiy xarajatlari 101 milliard 108 million so‘mdan ortiqni tashkil qilmoqda.

Bugun, 25 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda deputatlar siyosiy partiyalarning 2020 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ham tingladi.

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi raisi Akmal Hayitovning hisobotida aytilishicha, 2021 yil 1 yanvar holatiga partiyaning hisobraqamlaridagi qoldiq mablag‘lar 1 milliard 930 million 734 ming so‘mni tashkil qilmoqda. 2020 yil davomida partiyaning hisobraqamlariga jami 35 milliard 318 million 862 ming so‘m kelib tushgan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov 2020 yil partiya hisobraqamiga 22 milliard 276 million 323 ming 900 so‘m miqdorida mablag‘ tushganini ma'lum qildi. Xususan, partiyaga davlat budjetidan 20 milliard 113 million 494 ming so‘m, partiya a'zolik badallaridan 1 milliard 891 million 659 ming so‘m, homiylik, xayriya va boshqalar hisobidan 271 million 170 ming 800 so‘m mablag‘lar kelib tushgan. 2020 yil davomida partiyaning umumiy sarf-xarajati 21 milliard 665 million so‘mni tashkil qilgan.

«Adolat» SDP rahbari Bahrom Abduhalimovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda partiyaning hisobraqamlariga jami 14 milliard 206 million 929 ming so‘m mablag‘ kelib tushgan. 2020 yilda jami 13 milliard 871 million 122 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov 2020 yilda partiya hisobraqamlariga 23 milliard 842 million 410 ming so‘m kelib tushganini ma'lum qildi. Ushbu mablag‘larning 48 foizi partiyaning o‘z mablag‘laridan iborat.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Narzullo Oblomurodov 2020 yilda partiyaning xarajatlari 8 milliard 342 million 51 ming so‘mni tashkil etganini bildirdi. Jumladan, partiya ishchi xodimlarining 2020 yil davomidagi ish haqi uchun 7 milliard 36 million so‘m, yagona ijtimoiy to‘lov uchun 853 million so‘m, xizmat safarlar xarajatlari uchun 19 million 801 ming so‘m, kommunal xizmatlar uchun 75 million 122 ming so‘m va boshqa xarajatlar uchun 807 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

Siyosiy partiya raislari taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistondagi 5ta siyosiy partiyaning umumiy xarajatlari 101 milliard 108 million so‘mdan ortiqni tashkil qilmoqda. Oliy Majlis deputatlari tomonidan partiyalarning 2020 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari ma'lumot uchun qabul qilindi.

Top