11:25 / 25.03.2021
6100
Germaniya Yevrokomissiyani «Sputnik V» vaksinasini Yevropa Ittifoqi darajasida xarid qilishga chaqirdi

Rasmiy Berlin Yevropa dori-darmon agentligi (YeMA) tekshirguniga qadar Yevropa Ittifoqi rahbariyati Rossiya bilan (Gam-Kovid-Vak)  «Sputnik V» vaksinasini sotib olish borasida muzokaralarni boshlashini istamoqda. Bu haqda Germaniya hukumati vakili 24 mart kuni ma'lum qilgan.

«Biz Yevrokomissiyadan «Sputnik V»ni xarid qilish bo‘yicha jarayonni boshlashni so‘radik. Yevrokomissiya bu borada yashil chiroq berishga hozirlik ko‘rmoqda», deydi vakil.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining qaysi davlatlari «Sputnik V»ga qiziqish bildirayotganini o‘rganmoqda. Bu pirovardida Bryussel nomidan shartnoma tuzish uchun Rossiya taraf bilan dozalar adadi borasida kelishilguniga qadar qilinadi. «Muzokaralar tez orada boshlanishini to‘g‘ri deb bilamiz», deydi Germaniya hukumati vakili.

Ilgariroq Yevropa dori-darmon agentligi (YeMA)ning salomatlikka tahdid va vaksinatsiya strategiyasi departamenti boshlig‘i Marko Kavaleri tashkilot aprel oyida «Sputnik V» vaksinasini tekshirish uchun o‘z mutaxassislarini Rossiyaga jo‘natishini tasdiqlagan edi. Kavalerining so‘zlariga ko‘ra, nafaqat ishlab chiqarish, balki klinik sinovlar ham tekshiriladi.

«Sputnik V» vaksinasi N.Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tgan yil 60 yoshgacha bo‘lgan 76 nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan ikkinchi faza sinovlaridan so‘ng ro‘yxatga olingan. 40 ming ko‘ngilli ishtirok etgan 3-faza esa keyinroq o‘tkazilgan.

Lancet jurnalida 2 fevral kuni «Sputnik V»ning 19866 kishi qatnashgan 3-faza sinovlarining ilk natijalari e'lon qilindi. Maqolada aytilishicha, Gamaleya nomidagi markaz ikkinchi doza olinganidan keyin preparatning samaradorligi 91,6 foiz ekanini ma'lum qilgan.

Yevropa dori-darmon agentligi (YeMA) mart oyi boshlarida vaksinani ekspertizadan o‘tkazish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top