18:50 / 25.03.2021
3802
Jiddiy bo‘lmagan YTHni haydovchilar mustaqil rasmiylashtirishi taklif etildi

Tan jarohatlarisiz va ikkitadan ortiq bo‘lmagan transport vositalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda YTHni haydovchilar tomonidan mustaqil ravishda rasmiylashtirish taklif etilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

2021 yil 25 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yalpi majlisda «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida tan jarohatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan va ikkitadan ortiq bo‘lmagan transport vositalari ishtirokida YTH sodir bo‘lganda haydovchilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokisiz mustaqil ravishda bildirishnoma tuzish orqali rasmiylashtirish nazarda tutilmoqda.

Muhokamada ta'kidlanishicha, ushbu hujjatning qabul qilinishi yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirishga ketadigan vaqtni tejash bilan birga yo‘llarda tirbandlik paydo bo‘lishining ham oldini oladi.

Shuningdek, qonun loyihasida sug‘urta qilingan transport vositasi haydovchisi uch ish kuni ichida sug‘urtalovchiga yo‘l-transport hodisalari haqidagi xabarnomani taqdim etishi kerakligi belgilanmoqda. Shuni inobatga olib, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunga yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabarnomani tuzish tartibiga oid normalar kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga sug‘urta kompaniyalari tomonidan asossiz ravishda haydovchining aybini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan holda aybdor taraf o‘zgarganligi vaji bilan sug‘urta tovonini to‘lashdan bosh tortish yoki muddatlarning sun'iy ravishda cho‘zilishini cheklashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Top