07:59 / 25.03.2021
1897
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Transport vazirligi delegatsiyasining Pokistonga tashrifi davomida mamlakat federal aviatsiya vaziri G‘ulom Sarvar Xon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi muhokama etildi.

COVID-19 pandemiyasiga qadar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent - Lahor - Toshkent yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelayotgan edi.

Uchrashuvda parvozlar geografiyasini kengaytirish va O‘zbekiston aeroportlari jozibadorligini oshirish maqsadida Pokiston aviakompaniyalari havo kemalariga aeroportlarda yerusti xizmatlari ko‘rsatishning asosiy turlari bo‘yicha e'lon qilingan tariflarga nisbatan 30 foizgacha tabaqalashtirilgan chegirmalar berilishi, ziyorat turizmi yo‘nalishida bajarilayotgan parvozlarga esa 50 foizga qadar chegirmalar berilishi, bundan tashqari Pokiston aviakompaniyalariga qulay bo‘lgan slotlar taqdim etilishi ma'lum qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonining yana bir muhim taklifi, ya'ni Pokiston havo kengligi hududi bo‘ylab, bevosita Afg‘oniston havo kengligi hududida davom etuvchi yangi havodagi harakatga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini tashkil etish masalasi atroflicha muhokama etildi.

Shu bilan birga, tashrif davomida Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti rahbari Doniyor Jumayev Pokiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aviatsiya boshqarmasi bosh kotibi Shavkat Alixon, Fuqaro aviatsiyasi departamentining aviatsiya vitse-marshali Muhammad Jamol Arshad hamda “PIA” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar “Uzbekistan airways” va “PIA” aviakompaniyalari o‘rtasida kod-sher, interlayn va proreyt kelishuvlarini birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldi.

Top