20:18 / 25.03.2021
2032
O‘zbekistonda Qozog‘istonning UStudy test tizimi joriy etilishi mumkin

Xalq ta'limi vazirligida Qozog‘istonning UStudy test markazi vakillari bilan shaffof test tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

25 mart kuni Xalq ta'limi vazirligida Qozog‘iston Respublikasining UStudy test markazi vakillari bilan test sinovlari o‘tkazilishi oshkoraligini ta'minlash va O‘zbekistonda ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Uchrashuvda har ikki tomon ikki mamlakatning ta'lim tizimi arxitekturasi, sohada erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi.

Shuningdek, qozog‘istonlik delegatsiya vakillari tomonidan UStudy test markazining faoliyati, ular tomonidan joriy qilingan innovatsion qurilmalar va ularning imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar namoyish etildi. Taqdimot yakunida namoyish qilingan ma'lumotlar asosida muzokaralar olib borildi.

Qo‘shni davlat vakillari tomonidan O‘zbekistonda ta'lim sohasini yanada rivojlantirish, innovatsion va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish maqsadida mamlakatda UStudy test markazlarini joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi», — deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Ma'lumot uchun, UStudy test markazi 2013 yilda tashkil etilgan. UStudy xalqaro standartlarga va xavfsizlik talablariga javob beruvchi kompyuter test sinovlarini o‘tkazish uchun infratuzilmaga ega zamonaviy test markazi hisoblanadi. Mamlakat bo‘ylab markazning 56ta hududiy vakolatxonasi joylashgan. Markaz infratuzilmasiga 15,5 mln AQSh dollaridan ko‘p mablag‘ sarflangan.

Top