09:07 / 25.03.2021
4345
Shimoliy Koreya bir hafta ichida ikkinchi raketa sinovini o‘tkazdi
Foto: DPA

Shimoliy Koreya 25 mart kuni Yapon dengizi tomon noma'lum snaryad uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya shtablari boshliqlari qo‘mitasi ma'lum qildi. 

Janublik harbiylar Shimol aynan qanday snaryadlar uchirgani va ularning soni borasida aniqlik kiritmagan.

Bu orada Yaponiya Shimoliy Koreya 2ta ballistik raketa uchirganini taxmin qilmoqda. Hududdagi kemalar ogoh bo‘lishga chaqirilgan.

NHK telekanalining harbiy manbaga tayanib xabar berishicha, snaryadlar mahalliy vaqt bilan soat 7:06da uchirilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, raketalarning maksimal uchish balandligi 100 kmdan oshmagan, uzoqligi 450 kmga yaqinni tashkil qilgan. Raketalar hech qanday xavf solmagan.       

Yaponiya sinovlar yuzasidan Shimoliy Koreyaga e'tiroz bildirgan. O‘z navbatida Janubiy Koreya Pxenyanning yangi sinovlari bilan bog‘liq holda Milliy xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazmoqda. 

Shimoliy Koreya bir hafta ichida ikkinchi marta raketa sinovlarini o‘tkazmoqda. 24 mart kuni Pxenyan dam olish kunlari 2ta qanotli raketa uchirgani ma'lum qilingandi. 

Ballistik raketalardan farqli, qanotli raketalar BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalari ostiga tushmaydi. Shimoliy Koreya 2017 yildan beri yadro va uzoq masofalarga mo‘ljallangan raketalar sinovlarini ko‘ngilli tarzda amalga oshirmay kelmoqda. 

Bu orada tahlilchilar 21 mart kunidagi raketalar uchirilishini Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning AQSh prezidenti Jo Baydenga ilk ochiqcha chaqirig‘i deb baholashgan. 

Martning birinchi yarmida Koreya yarimorolida AQSh va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgandi. Pxenyan ushbu mashg‘ulotlarni tanqid ostiga olib, Seul bilan tinchlik sulhini bekor qilish bilan tahdid qilgan. 

Top