21:02 / 26.03.2021
4006
2020 yilda O‘zbekiston eksportida qimmatbaho metallar va toshlar, importida mashinalar, uskunalar va mexanizmlar ulushi yuqori bo‘ldi

2020 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmi 12,8 milliard dollar, import hajmi 19 milliard dollarga teng bo‘ldi. Savdo balansining defitsiti 6,2 milliard dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank 2020 yil yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi» nashrini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, 2020 yil davomida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi (nomonetar oltin va tuzatishlarni hisobga olgan holda) 31,9 milliard dollarni tashkil etgan. Savdo balansining defitsiti 6,2 milliard dollarga to‘g‘ri kelgan.

Tovarlar eksportining tarkibiy qismlari

Markaziy bank ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmi 12,8 milliard dollarni tashkil etgan.

Bunda tovarlar eksportining hajmi (nomonetar oltin eksportini va tuzatishlarni hisobga olmagan holda) 1,1 milliard dollarga yoki 20 foizga kamaydi (2019 yilda o‘sish 560 million dollar yoki 7 foizni tashkil qilgan). Energiya mahsulotlari jahon narxlarining keskin tushishi va asosiy iste'molchilar tomonidan ularga bo‘lgan talabning pasayishi oqibatida gaz eksporti hajmida 2019 yilga nisbatan 79 foizga kamayish kuzatildi.

2020 yilda tovarlar eksporti umumiy hajmining 77 foizi (nomonetar oltinni hisobga olmagan holda) oltita mamlakatga, jumladan 19 foizi Xitoyga, 17 foizi Rossiyaga, 14 foizi Turkiyaga, 10 foizi Qozog‘istonga, 10 foizi Qirg‘izistonga hamda 6 foizi Afg‘onistonga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, tovarlar eksportining asosiy qismi:

  • «qimmatbaho metallar va toshlar» – 5,9 milliard dollar (2019 yilda 5,1 milliard dollar);
  • «tekstil va tekstil mahsulotlari» – 2,1 milliard dollar (2019 yilda 2 milliard dollar);
  • «kelib chiqishi o‘simlik bo‘lgan mahsulotlar» – 1,2 milliard dollar (2019 yilda 1,4 milliard dollar);
  • «qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar» – 1,1 milliard dollarni (2019 yilda 1,1 milliard dollar) tashkil qilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, ushbu tovarlar guruhining ulushi jami tovarlar eksporti hajmining 91 foiziga teng. (2019 yilda ham 91 foiz)

Xomashyo tovarlari (nomonetar oltin va tabiiy gaz) ulushi o‘tgan yilda jami eksport hajmining 49 foizini tashkil qilib, shundan 45 foizi nomonetar oltin va 4 foizi tabiiy gazga to‘g‘ri keldi.

Bunda tabiiy gaz eksporti umumiy hajmining 94 foizi Xitoy, 5 foizi Tojikiston va 1 foizi Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi.

Tovarlar importining tarkibiy qismlari

2020 yilda umumiy import hajmi 19 milliard dollarga teng bo‘ldi. Tovarlar importi hajmida 2019 yilga nisbatan 10 foizga kamayish kuzatildi (2019 yilda o‘sish 16 foizni tashkil qilgan).

Tovarlar importining asosiy qismi:

  • «mashinalar, uskunalar, mexanizmlar» – 6 milliard dollar (2019 yilda 7,1 milliard dollar);
  • «qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar» – 2,4 milliard dollar (2019 yilda 2,9 milliard dollar) ;
  • «kimyo sanoati mahsulotlari»– 2,4 milliard dollar (2019 yilda 2,1 milliard dollar) ;
  • «suv va havo transporti vositalari» – 2,2 milliard dollar (2019 yilda 2,8 milliard dollar) kabi guruhlarga to‘g‘ri kelmoqda hamda ularning jami tovarlar importidagi ulushi 70 foizni tashkil qildi(2019 yilda 73 foiz).

2020 yilda 2019 yilga nisbatan barcha asosiy savdo hamkorlari bilan tovarlar importi hajmi qisqargan bo‘lib, bundan Rossiya va Qozog‘iston mustasno.

Ma'lum qilinishicha, mazkur kamayish hisobot davrida iqtisodiy faollikning susayishi bilan bog‘liq. Xususan, tovarlar importi hajmi Xitoydan 13 foizga, Koreya Respublikasidan 32 foizga, Turkiyadan 13 foizga qisqardi.

2020 yilda asosiy hamkor mamlakatlarning jami importdagi ulushi 67 foizni tashkil qilib, bunda Rossiya 21 foiz, Xitoy 21 foiz, Koreya Respublikasi 9 foiz, Qozog‘iston 10 foiz va Turkiya 6 foizni tashkil qildi. (2019 yilda mazkur mamlakatlarning jami importdagi ulushi 68 foizni tashkil qilib, ularning har biri mos ravishda 18 foiz, 22 foiz, 12 foiz, 9 foiz va 6 foizga teng bo‘lgan).

Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlarining importdagi ulushi 23 foizdan 24 foizgacha o‘sdi va ushbu holat asosiy savdo hamkorlarining jami importdagi ulushi kamayishi bilan izohlanadi.

Top