09:07 / 26.03.2021
1310
Dorivor o‘simliklar markazining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, prezident qaroriga muvofiq markaz asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

  • dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanish yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
  • yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar areallarini o‘rganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalari tashkil etish;
  • urug‘lik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, ko‘paytirish, kolleksion ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ular xomashyolarini qayta ishlash bilan bog‘liq ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish;
  • dorivor o‘simliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
  • tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib madaniy holda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklar agrotexnologik xaritalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra ishlab chiqish;
  • dorivor o‘simliklar kimyoviy tarkibini o‘rganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash;
  • dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ichki va tashqi bozorlar talabini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar belgilangan:

  • markaz maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
  • markaz huquqlari va majburiyatlari, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibi;
  • markaz faoliyatini moliyalashtirish, markazga tushadigan mablag‘larni yo‘naltirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi.
Top