19:33 / 26.03.2021
3474

Qarshida Markaziy Osiyodagi eng yirik Amerika burchagi ochildi

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Qarshi shahrida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalqaro ta'lim bo‘yicha Amerika kengashlari (AMERICAN COUNCILS) tashabbusi doirasida Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Amerika burchagi ochilgan. Unda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum ham qatnashgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda yozilishicha, mazkur maskan Qarshi shahridagi Barkamol avlod maktabi binosining ikkinchi qavatida ochilgan. Amerika burchagi kutubxona, kompyuter laboratoriyasi, anjumanlar zali hamda AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarga bepul maslahat ko‘rsatuvchi EducationUSA markazi sinfxonasidan iborat.

Mazkur maskan AQShdagi ta'lim dargohlariga mos uslubda qayta qurilib, zamonaviy kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi internetga ulangan.

Loyiha tashabbuskorlariga ko‘ra, Amerika burchagining umumiy maydoni 320, foydalanish maydoni esa 230 kvadrat metrga teng va u Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan shu kabi maskanlar orasida eng yirigi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, bu yerda barcha uchun ingliz tilidagi an'anaviy va elektron kitoblar hamda ta'lim va madaniyatga oid boshqa resurslardan, shuningdek, kompyuter laboratoriyalari xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ayni paytda yangi markazda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha klublar tashkil etish, shu tildagi filmlar namoyishlarini o‘tkazish, amerikalik ekspertlar ishtirokidagi turli dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, Amerika burchagida tanlov asosida saralab olingan mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Fulbrayt dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga kelib, bevosita Qashqadaryoda faoliyat yuritayotgan amerikalik o‘qituvchilar ham ta'lim beradi. Shuningdek, bu yerda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari va Amerikadan tashrif buyurgan taniqli shaxslar – yozuvchilar, musiqachilar va boshqalar ishtirokida ham turli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, Qarshi shahridagi Amerika burchagi dunyoning 140dan ortiq mamlakatlarida ochilgan 600dan ziyod shu kabi markazlar tarmog‘iga qo‘shilgan. AMERICAN COUNCILS’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Uilyam O’Roarkning aytishicha, tez orada O‘zbekistonning yana bir qancha shaharlarida ham Amerika burchaklari ochilishi mo‘ljallanmoqda. Xususan, shu yilning oxirigacha bunday maskan Samarqand shahrida faoliyat boshlashi mumkin.

Mavzuga oid
Top