10:40 / 26.03.2021
1020
Qo‘qonda qalbaki pul ishlab chiqargan shaxs aniqlandi

Joriy yilning 14 mart kuni Qo‘qon shahrida M.G. ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda noma'lum shaxs U.Nosir ko‘chasida joylashgan savdo do‘koniga xarid uchun kirib, umumiy narxi 110 000 so‘mlik spirtli ichimlik va boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib, qalbaki usulda tayyorlangan 100 AQSh dollarini berib, 935 000 so‘mni qaytim sifatida olib, hodisa joyidan yashiringanini ma'lum qilgan.

Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabarida aytilishicha, o‘tkazilgan sudga oid texnik-kriminalistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 1 dona 100 AQSh dollari qiymatidagi kupyura qalbaki usulda rangli printer yordamida tayyorlangani ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida 1 dona 100 AQSh dollari kupyuradagi pul Yu.M. tomonidan tayyorlangani aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yuqoridagi ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi haqida eslatib o‘tgan.

Top