14:52 / 26.03.2021
11142
Suvaysh kanalining to‘silib qolishi jahon savdosiga soatiga 400 mln dollarga tushmoqda

Afrikani Osiyodan ajratib turuvchi Suvaysh kanali orqali jahon savdosining 12 foizga yaqini o‘tadi. 

Lloyd’s List kompaniyasining hisoblab chiqishicha, Ever Given konteyner tashuvchi kemasining Suvaysh kanali orqali harakatlanishni to‘xtatib qo‘yishi jahon savdosiga soatiga 400 mln dollarga tushmoqda, deb yozadi Forbes.

Ushbu summa har kuni kanal orqali kemalarda olib o‘tiladigan tovarlar narxiga asoslangan. Qayd etilishicha, g‘arbiy yo‘nalishda kuniga 5,1 mlrd dollarlik, sharqiy yo‘nalishda esa 4,5 mlrd dollarlik tovar olib o‘tiladi. 

Milliy chakana savdo federatsiyasi yetkazib berishlar zanjiri va bojxona siyosati bo‘yicha vitse-prezidenti Jon Goldning so‘zlariga ko‘ra, kanalning to‘silishi yetkazib berishlar zanjiridagi keskinlikni kuchaytirgan.

«Ko‘plab kompaniyalar pandemiya sababli yuzaga kelgan yetkazib berishdagi muammolarga qarshi kurashishda davom etmoqda. Hozirgi holat esa qo‘shimcha muammolar keltirib chiqaradi», — dedi u. 

Afrikani Osiyodan ajratib turuvchi Suvaysh kanali orqali jahon savdosining 12 foizga yaqini o‘tadi. Suyultirilgan tabiiy gaz, xom va tozalangan neft kabi energiya manbalari eksporti jahon bo‘yicha yetkazib berish hajmining 5 foizdan 10 foizgachasini tashkil qiladi. Kanal trafigining qolgan qismi asosan iste'mol tovarlaridan iborat.  

Konteyner tashuvchi ulkan kema 23 mart kuni kanalda ko‘ndalang turib qolib, kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ygandi. Dastlab kemani yo‘ldan olish bo‘yicha ishlar 2-3 kun davom etishi taxmin qilingandi.  

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda kema atrofidagi kanal tubini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, ulkan buksirlar uni kanalning chuqurroq qismiga tortishga harakat qilmoqda.  

Tahlilchilarning fikricha, kanal yana bir necha kun, hattoki haftalar davomida to‘silgan holda qolishi mumkin va bu jahon savdosiga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Ularning ta'kidlashicha, agar kanal orqali qatnov yana 1-2 kun ichida ochilmasa, u yerda to‘planib qolgan kemalar belgilangan manzillariga Afrika atrofi bo‘ylab yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa yo‘lga ketadigan vaqtning bir haftaga cho‘zilishiga olib keladi.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top