23:16 / 26.03.2021
4736
Turkiya prokuraturasi Charlie Hebdo jurnalining to‘rt nafar xodimi ozodlikdan mahrum etilishini talab qilmoqda

Prokuratura jurnal muharrirlari Jyerar Biar, Jyulen Serinyak va Loran Surisso hamda karikaturachi Elis Petini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni haqoratlaganlikda ayblamoqda.

Foto: Picture Alliance

Anqara prokuraturasi Fransiyadagi Charlie Hebdo jurnalida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni tahqirlovchi maqola chop etilishiga aloqador to‘rt nafar shaxsga nisbatan ayblov xulosasi tayyorladi. Bu haqda Onado‘lu agentligi xabar bermoqda.

 Xabarda aytilishicha, jurnal muharrirlari Jyerar Biar, Jyulen Serinyak va Loran Surisso hamda karikaturachi Elis Petiga nisbatan ayblov ilgari surilmoqda.

Prokuratura ularni bir yildan to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etishni talab qilmoqda.

Ayblov xulosasida aytilishicha, jurnalning 2020 yil 28 oktyabrdagi sonida Erdo‘g‘anning karikaturasi chop etilishi davlat rahbarini haqorat qilish hisoblanadi.

Turkiya jinoyat kodeksiga ko‘ra, mamlakat fuqarosi yoki xorijlik fuqaro Turkiyadan tashqarida jinoyat qilsa, unga nisbatan Turkiya qonunlari bo‘yicha chora ko‘riladi, deb eslatgan Anqara prokuraturasi.

Top