09:54 / 27.03.2021
2257
Deputat o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risida sudga da'vo kiritishda davlat tashkilotlari bojdan ozod etilishiga qarshi chiqdi

2021 yil 25 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yalpi majlisda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi ikki qo‘shimchani nazarda tutmoqda:

  • ofatlar yuz bergani oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslarning yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini takroriy berganlik uchun to‘lovlardan ozod qilish;
  • davlat organlari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risida iqtisodiy sudlarga da'vo kiritadigan taqdirda ularni davlat bojini to‘lashdan ozod qilish.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu qonun loyihasining birinchi qismini qo‘llab-quvvatlashini, Sardoba suv omboridan jabr ko‘rganlarga bunday imkoniyat berilgani oqibatida ularga ma'lum miqdorda yengillik bo‘lganini ta'kidladi.

Biroq, loyihaning ikkinchi qismi­ ­– davlat organlarini o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish bo‘yicha iqtisodiy sudga da'vo kiritishda davlat bojidan ozod qilish tartibi salbiy oqibatlarga olib kelishini ta'kidladi.

Deputatning fikricha, ushbu loyiha qabul qilinsa, hokimliklar arzimagan sabab bilan ham sudga da'vo kirita boshlaydi va ularda da'vo kiritishdan oldingi mas'uliyat, sudda yutqazishdan qo‘rquv hissi yo‘qolib qoladi. Bu esa pirovardida ko‘plab tadbirkorlarni sarson qilish mumkinligini anglatadi.

«Hozirda davlat boji hokimliklarni birmuncha tiyib turibdi, agar ularni bundan ozod qilsak, ertaga hokimlik o‘ziga yoqmay qolgan tadbirkor qurgan binoning tomi ozgina qiyshiqligini bahona qilib ham sudga da'vo kiritaveradi», deydi Rasul Kusherbayev.

Boshqa bir deputat Shuhrat Polvonov ham hamkasbining fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.

Shunga qaramay, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov loyihadagi e'tirozli jihatlarni keyingi o‘qishda yaxshilab ko‘rib chiqish sharti bilan birinchi o‘qishda qonun loyihasini konseptual qabul qilish masalasini ovoz berishga qo‘ydi. Qonun loyihasi deputatlarning ko‘pchilik ovozini olish natijasida birinchi o‘qishda konseptual qabul qilindi. 

Ma'lumot uchun, 2020 yil 30 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida davlat organlarini o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan davlat bojidan ozod qilish taklif etilgandi.

Top