23:43 / 27.03.2021
5182
Koronavirusga qarshi bepul emlanish uchun Serbiyaga qo‘shni davlatlardan minglab kishilar keldi

Serbiya hukumati 27-28 mart kunlari koronavirusga qarshi bepul emlanishni istagan barcha xorijliklarni mamlakatga taklif qildi. Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya hamda Bosniya va Gersegovina fuqarolari Serbiyaga yopirilib keldi.

Foto: PA

Serbiya hukumatining 27 va 28 mart kunlari barcha xohlovchi xorij fuqarolarini koronavirusga qarshi bepul emlash haqidagi taklifi yaxshi kutib olindi. «Welt» gazetasining yozishicha, 27 mart kuni bir necha ming kishi mamlakatga kirib keldi.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, gap asosan Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya va Shimoliy Makedoniya fuqarolari haqida bormoqda. Ular 27 mart kuni emlash markazlari oldida uzun navbatlar hosil qildi, ko‘pchilik emlanish uchun oilasi bilan keldi.

Bosniyaning Klix yangiliklar portali yozishicha, Serbiyaga kirish uchun chegarada ham navbatlar yuzaga kelgan.

Emlash bo‘yicha umumevropa kampaniyasi fonida Serbiyada aholini emlash muvaffaqiyatli kechmoqda. Mamlakatning yetti million aholisidan ikki million nafari vaksinaning kamida bir dozasini olib bo‘ldi. Serbiyada aholi  BioNTech/Pfizer, AstraZeneca, «Sputnik V» va Sinopharm vaksinalari bilan emlanmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Serbiya bilan chegaradosh davlatlarda emlash ishlari endigina boshlandi. Serbiya avvalroq Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya va Shimoliy Makedoniyaga beg‘araz asosda vaksinalarning kichik partiyasini jo‘natgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top