21:12 / 27.03.2021
4736
Kun.uz’dagi tanqiddan so‘ng Mirishkordagi shifoxona hududida olib borilayotgan qurilish to‘xtatildi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida joylashgan Jyeynov shaharchasidagi shifoxona hududi o‘tgan yillar davomida qisqarib kelgan. Undan bozorga, dorixonalar qurilishiga yer ajratilgani kamlik qilganday, 2019 yilda anchagina joy auksion orqali tadbirkorga ham sotib yuborilgan. Ma'lum bo‘lishicha, bugun 27 mart kuni tadbirkor qurilishni to‘xtatgan.

Jyeynov shifoxonasida ishlaydigan bir guruh shifokorlarning murojaati asosida Kun.uz muxbirlari mazkur sog‘liqni saqlash muassasasiga tegishli yerning tadbirkorga berib yuborilishi qanchalik qonuniy bo‘lganini o‘rgangan va bu haqda maqola e'lon qilingandi.

Bugun, 27 mart kuni Jyeynov shifoxonasi hududida olib borilayotgan qurilish ishlari to‘xtatilgan. Shifoxona bosh shifokori Q.Meyliyevning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, bugun quruvchilar ishni to‘xtatgan.

«Kecha bosh vazir o‘rinbosari Qarshi shahrida tadbirkorlarni qabul qilibdi. O‘sha yig‘ilishda u Mirishkor tuman hokimi va Jyeynov shifoxonasi hududida qurilish qilayotgan tadbirkorga qurilishni tezda to‘xtashini topshiriq beribdi. Bugun tadbirkorning odamlari kelib ish qurollarini olib ketdi», — degan Q.Meyliyev.

Ma'lumot uchun, 26 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida viloyat rahbarlari Qarshi shahrida tadbirkorlarning muammolarini hal etish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazgan edi.

Top