10:25 / 27.03.2021
2115
“O‘zbekneftgaz” raisi neft va gaz konlarida raqamli modellashtirish bo‘yicha ishlar holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev neft va gaz sohasining milliy raqamli ma'lumotlar bazasini yaratish, uglevodorod konlari hamda yangi maydonlarni raqamli modellashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holatini o‘rgandi.

Jahondagi ilg‘or kompaniyalarning eng so‘nggi dasturiy ta'minotlari, serverlar va kompyuter texnologiyalari xarid qilinib, soha mutaxassislari mahalliy va xorijiy kompaniyalarda qayta tayyorlanishi natijasida hozirda O‘zbekistonda yagona bo‘lgan milliy ma'lumotlar bazasi hamda konlarni raqamli modellashtirish markazi tashkil etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ushbu modellashtirish markazida bo‘lib, dastlab markazdagi ishlarning samarali tashkil etilganligini ko‘zdan kechirdi.

Markazda milliy ma'lumotlar bazasini mukammallashtirish, modellashtirish jarayonlarini takomillashtirish va ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish orqali barcha jarayonlarni uzviy bog‘lash, shuningdek, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida xizmat safari bilan bo‘lib turgan xorijiy kompaniya vakillari bilan suhbatlashib, o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va kelgusi yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Shundan so‘ng, joylardagi quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar yordamida masofadan turib onlayn nazorat qilish va bu orqali kelgusi tadbirlarni maqsadli rejalashtirish bo‘yicha tashkil etilgan ishlarining holati bilan tanishdi.

Mutaxassislar tomonidan burg‘ilash ishlarini onlayn nazorat qilish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirish natijasida olingan dastlabki natijalar, Ustyurt regionidagi “Sharqiy Berdaq” konining 92-sonli va Buxoro-Xiva regionidagi “Sho‘rtan” konining 354-sonli quduqlari misolida namoyish etildi.

Hozirda ushbu quduqlarning eng muhim nuqtalarida kuzatuv kameralari hamda geologik-texnik tadqiqotlar stansiyasining nazorat-o‘lchov uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan onlayn tarzda, har 10 sekund oraliq bilan kelayotgan 20 turdan ortiq burg‘ilash ma'lumotlari tezkor tarzda tahlil qilinishi bilan bir vaqtda bajarilayotgan ishlarning kelgusi yo‘nalishlariga aniqlik kiritilmoqda.

Boshqaruv raisi ushbu ishlarning samaradorligini oshirishga alohida e'tibor bergan holda ularni muntazam ravishda davom ettirish, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha markaz mutaxassislariga zarur ko‘rsatmalar berdi.

O‘rganish davomida, Mehriddin Abdullayev konlarni modellashtirish ishlarining holati va markazning kelgusi rejalari bilan qiziqdi.

Bu borada 2020 yilda 350 mingdan ortiq ma'lumotlar milliy ma'lumotlar bazasiga raqamli formatga o‘tkazilgan holda kiritilib, 100 ta konning geologik va 10 ta konning gidrodinamik modellari ishlab chiqildi.

Konlarni modellashtirish asosida 2021 yilda 164 ta yangi qazib chiqarish quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha asosli tavsiyalar ishlab chiqilib o‘tgan uch oyga yaqin vaqt ichida ularning deyarli 30 foizi bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Ushbu davrda, shuningdek, yana 5 ta konning geologik, 6 ta konning gidrodinamik va 5 ta konning tarmoq modellari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekneftgaz” AJ Konlarni ishlatish departamenti modellashtirish bo‘limining mutaxassislari tomonidan 2021 yilning 19 mart kuni ochilgan “Ijobat” yangi gaz kondensat konining raqamli-geologik modeli ham qisqa fursatlarda ishlab chiqildi va natijada konning geologik tuzilishi aniqlashtirildi hamda ushbu konda olib borilishi zarur bo‘lgan kelgusi tadbirlar, shu jumladan, keyingi 2-qidiruv qudug‘ini burg‘ilash nuqtasi ham aniqlab berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ushbu bo‘lim mutaxassislari tomonidan mavjud konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish, ular hududida yangi istiqbollarni qidirish, shuningdek yangi yo‘nalishlarni aniqlash borasida olib borilayotgan ishlarni amalga oshirish, bu borada olingan dastlabki natijalarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yo‘nalishda uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish Dasturi doirasida “Somontepa” konida 130-sonli quduqni burg‘ilash va sinash ishlarining natijalari hamda ishlarning kelgusi yo‘nalishlari taqdim etildi.

“Somontepa” koni 50 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilishiga qaramasdan mavjud ma'lumotlarning geologik tahliliga asoslangan holda ushbu konning hozirda ham juda katta tabiiy gaz qazib chiqarish istiqbollariga ega ekanligi ko‘rsatib berildi.

Shu bilan birga, bu konning O‘zbekiston va Turkmaniston davlat chegarasida joylashganligi sababli uni ishlatishda va zaxiralarni maqsadli o‘zlashtirish borasida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

“Somontepa” konining mavjud zaxiralarni o‘zlashtirish hamda quyi yura qatlamlarining chuqur qismida yangi mahsuldor qatlamlarni aniqlash maqsadida, burg‘ilanayotgan 130-sonli quduqni 2950 metrgacha chuqurlashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilib, tasdiqlandi va hozirda u 2800 metrgacha burg‘ilandi.

Ushbu quduqni samarali burg‘ilash va mahsuldor qatlamlarni sinash ishlarini mukammal tashkil etish natijasida, konning yangi istiqbollarini aniqlash hamda tabiiy gaz va gaz kondensati mahsulotlari qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ta'minlanadi.

Markaz mutaxassislari tomonidan ushbu konning chuqur yer osti tuzilishini batafsil o‘rganish, uning qo‘shimcha istiqbollarni kashf etish va bu orqali uglevodorodlarning yangi zaxiralarini aniqlash va qazib chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida bu yerda mukammal seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirish zaruriyati yuzaga kelayotganligi qayd etildi.

“Somontepa” konidan tabiiy gaz qazib chiqarishni samarali tashkil etish, yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, Boshqaruv raisi “PIPESIM” dasturida tayyorlangan “Sho‘rtan” koni tarmoq modelining yaratilishi va uni ishlab chiqarishga tatbiq etish ishlarining holatini o‘rgandi.

Tarmoq modelida “Sho‘rtan” konining ustki qismida mavjud 170 dan ortiq quduqlar va ularning barcha ma'lumotlari raqamlashtirilib ular gaz yetkazib berish quvurlarining joriy ishchi holati bilan uyg‘unlashtirilgan.

“Sho‘rtan” konidagi barcha jarayonlarni yaxlit tizimga birlashtirish natijasida, ularni soddalashtirish bo‘yicha tadbirlar taqdim etildi.

Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ishlarda kelgusida ushbu kondan uglevodorod qazib olish hajmlarini ko‘paytirish maqsadida kon hududida olib borish uchun ishlab chiqilgan zarur texnik tadbirlar namoyish etildi.

Mehriddin Abdullayev ushbu masalaga “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqa departamentlarni jalb etgan holda, kondagi qazib chiqarish bo‘yicha barcha tadbirlarni soddalashtirish hamda barcha imoniyatlarni ishga solish zarurligini ta'kidladi.

Konlarni raqamli modellashtirish bo‘yicha ishlarning holatini o‘rganish yakunida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi mutaxassislarga amalga oshirayotgan ishlarida muvaffaqiyat tilab, erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmaslik zarurligini, bu boradagi ishlarni jadallashtirish va doimiy ravishda yuqori darajada amalga oshirish yo‘lida barcha sharoitlar yaratib berilishini qayd etdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top