09:11 / 27.03.2021
712
Shahrisabzlik ayolni «mashina olib beraman» deb, 36,8 million so‘mga chuv tushirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi «Kunchiqar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ayolga «mashina olib beraman» deb, uning 36 million 800 ming so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi «Firdavsiy» MFYda yashovchi S.A. 2019 yilning mart oyida «IMO» ijtimoiy tarmog‘i orqali Shahrisabz shahridagi «Kunchiqar» MFYda yashovchi uy bekasi S.D. bilan tanishgan. O‘zaro suhbatlar davomida S.A. ayolga o‘zini avtomashina olib sotish bilan shug‘ullanadigan shaxs sifatida tanishtirgan va unga ham «Neksiya-3» avtomashinasini olib berishni va'da qilgan.

Shundan so‘ng 2019 yilning mart oyidan 2020 yil fevral oyigacha, qariyb bir yil davomida S.D.ning 36 million 800 ming so‘m pullarini olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top