21:53 / 27.03.2021
10724
Suvaysh kanalida 300dan ortiq kema to‘planib qoldi

Kanalga tiqilib qolgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasini joyidan siljitishga bo‘lgan urinishlar davom etmoqda. Kema turib qolgan joydan 20 ming tonna tuproq qazib olingan.

Foto: Samuel Mohsen/picture-alliance/dpa/AP

Suvaysh kanalida Ever Given konteyner tashuvchi kemasi tiqilib qolishi natijasida 321ta kema to‘planib qoldi. Bu haqda kanal boshqaruvi rahbari Usoma Rabiyyaga tayanib Al Arabiya telekanali xabar berdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat ularga barcha zarur logistik yordamni ko‘rsatmoqda.

Rabiyyaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan, shuningdek, atrof-muhitga hech qanday zarar yetmagan.

Kemani joyidan siljitishga bo‘lgan urinishlar davom etmoqda. Kema turib qolgan joydan 20 ming tonna tuproq qazib olingan.

Ulkan kema 23 mart kuni kanalda ko‘ndalang turib qolib, kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ygandi. Dastlab kemani yo‘ldan olish bo‘yicha ishlar 2-3 kun davom etishi taxmin qilingandi.

Ammo kemani suvga qaytarish bilan shug‘ullanayotgan Boskalis kompaniyasi bunga haftalar ketishi mumkinligini ma'lum qildi.

Ever Given 2018 yilda Yaponiyaning Imabari Shipbuilding kemasozlik kompaniyasi tomonidan qurilgan. Uning uzunligi 400 metr, eni 58,8 metrga teng.

Kema 20 100 dona standart dengiz konteynerlarini (uzunligi 6,1 metr, eni 2,44 metr va balandligi 2,59 metr) tashishga mo‘ljallangan. U 199,5 ming tonna yukni tashiy oladi.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top