13:10 / 27.03.2021
4697
Tijorat banklari naqd valuta mablag‘larini Markaziy bank ruxsatisiz olib kirishi mumkin

Tijorat banklariga 3 kun muddatda xabarnoma taqdim etish sharti bilan naqd valuta mablag‘larini Markaziy bankning ruxsatisiz olib kirish huquqi berildi.

O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endi tijorat banklaridan naqd valuta mablag‘larini olib kirishda Markaziy bankning ruxsati talab etilmaydi, 3 kun muddatda bu haqda Markaziy bankka xabarnoma taqdim etilishi kifoya.

Ammo tijorat banklari tomonidan naqd valuta mablag‘larini O‘zbekiston hududidan olib chiqish Markaziy bankning ruxsati asosida amalga oshiriladi.

MBning ruxsatini olish uchun tijorat banklari respublikadan olib chiqishga mo‘ljallangan valutaning turi, uning summasi, valuta mablag‘lari qaysi davlatga olib chiqilishi, xorijiy bankning nomi, naqd valuta mablag‘larini olib chiqish maqsadlari ko‘rsatilgan arizani Markaziy bankka taqdim etishi kerak.

Tijorat banklarining naqd valuta mablag‘larini olib chiqish uchun murojaati MB tomonidan 3 bank ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qanoatlantirish to‘g‘risida xulosa tasdiqlangan buyurtmalar bo‘yicha tijorat banki va mijozlar o‘rtasidagi barcha hisob-kitoblar keyingi bank ish kunidan kechiktirilmagan holda amalga oshiriladi. Belgilangan vaqtda hisob-kitoblar yakunlanmagan bo‘lsa, kelishuv bekor qilingan deb topiladi.

Ma'lumot uchun, shu paytgacha tijorat banklari tomonidan naqd valuta mablag‘larini O‘zbekiston hududidan olib chiqish va olib kirish MB ruxsati asosida amalga oshirilgan.

Top