14:15 / 28.03.2021
54801
Ayrim tumanlarda maktablar to‘liq masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilishi mumkin - vazir

O‘zbekistonda ayrim tumanlarda hokimliklar maktablarni to‘liq masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ota-onalarga murojaatida aytib o‘tdi.

«29 mart kunidan boshlab, 4-chorak darslari boshlanishi munosabati bilan ota-onalardan koronavirus infeksiyasining ko‘payishi sharoitida, maktablarning masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilishi bo‘yicha ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

Shu o‘rinda, yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz, o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy o‘quv yilida gibrid ta'lim tizimi joriy etilgan, ya'ni farzandini maktabga yuborib an'anaviy ta'lim olishi yoki uydan bepul televizion «Onlayn maktab» kanallari orqali masofaviy ta'lim olishi bo‘yicha qarorni ota-onalarning o‘zi qabul qiladi.

Epidemiologik holat og‘irlashgan hududlarda, mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini ko‘rish vakolati berilgan. Shuni inobatga olib, hududiy hokimliklar ba'zi tumanlardagi maktablarni to‘liq masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. O‘z navbatida, maktablarning ma'muriyatiga sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Pandemiya nafaqat dunyo iqtisodiyoti va ta'lim tizimiga, balki insonlarning asabiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shunday ekan, qadrli ota-onalar, joylarda maktab jamoasi bilan o‘zaro hurmatni saqlagan holda, faqat birgalikda ushbu vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkinligini tushunishingizni so‘raymiz!» deyiladi vazirning telegram-kanalida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top