23:26 / 28.03.2021
53229
«Ever Given»ni besh kundan buyon sayozlikdan chiqara olishmayapti. Misr prezidenti uchinchi ssenariyni qo‘llashga qaror qildi
Suez Canal Authority / EPA / Scanpix / LETA

Suvaysh kanalida qatorasiga beshinchi kundirki «Ever Given» kemasini sayozlikdan chiqarib olishga urinish davom etmoqda. Suvaysh kanali boshqaruvchisi Usoma Robining so‘zlariga ko‘ra, navbat bilan ikki operatsiya amalga oshirilmoqda: avvaliga 12 soat davomida ekskavatorlar ishlab, tuproq qazish ishlarini bajarishmoqda, keyingi 12 soatda kemani sudrash uchun shatakchi kemalar (buksir) harakat qilishmoqda. Ishning bunday taqsimlanishi shatakchi kemalar suv ko‘tarilishi va to‘lqin ortga qaytishi tufayli har doim ham ishlay olmasligi bilan bog‘liq. Operatsiyada jami 13 buksir ishtirok etmoqda. Hafta boshidan buyon ishlab kelgan 11ta shatakchiga yakshanba kuni yana ikki shatakchi kelib qo‘shildi, shuningdek, bir necha suzuvchi ekskavatorlar va soatiga 2000 kub metr tuproq oluvchi yer qazuvchi snaryadlar (zemlesos) ishlamoqda.

27 mart kuni kechqurun konteynerovozni ilk marta bir necha metrga siljitishga erishildi. Bu hodisa ro‘y berganida buksirlarning kemalari quvonchdan bir vaqtda sirenalarini chalishdi. Qutqaruv amaliyotining keyingi bosqichi 28 martdan 29 martga o‘tar kechasi ro‘y beradigan suv ko‘tarilishi asosiga qurilgan, bu vaqtda suv 200 ming tonnadan ortiq og‘irlikka ega kemani bir necha santimetrga ko‘tarishi mumkin.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy konteynerovozni yuklardan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Usoma Robining so‘zlariga ko‘ra, prezident «birinchi va ikkinchi ssenariyning muvaffaqiyatsizligini kutmasdan uchinchi ssenariyga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma bergan». As-Sisiy bortdagi 18 mingdan ortiq konteynerlarni quruqlikka olib o‘tish uchun talab etiladigan maxsus texnikalarni qo‘llashga ruxsat bergan. Bu operatsiya 29 mart kuni boshlanishi kutilmoqda.

Suvaysh kanalida «Ever Given» ortidan 369 kema tirbandlikda turib qolgan. Ularning ko‘p qismi — konteynerovozlar, shuningdek, neft va siqilgan gaz tashuvchi tankerlar. Bu kemalarda joylangan mahsulotning umumiy qiymati 10 milliard dollar atrofida. Suvaysh kanali boshqarmasidagilarning so‘zlariga ko‘ra, Misr «Ever Given» bilan bog‘liq vaziyat tufayli har kuni 14 million dollar mablag‘ yo‘qotmoqda. Boshqarma boshlig‘i Usoma Robining qayd etishicha, Misr tirbandlikda turgan kemalarga kanaldan o‘tish to‘lovi uchun chegirmalar taklif qiladi.

Qutqaruv ishlari qancha vaqt davom etishi hozircha noma'lum. Dastlab bu ish bir necha kun ichida hal bo‘lishi rejalashtirilgandi, ammo endi ayrim ekspertlar kemani yurgizish bir necha hafta vaqt olishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Reuters agentligining qayd etishicha, amaliyot cho‘zilishi oydinlashib qolsa, kanalda turgan kemalar Afrikani Yaxshi Umid burni orqali aylanib o‘tishga yo‘nalishi mumkin.

Dengiz kemalarini kuzatish servislariga qaraganda, ko‘pchilik allaqachon shunday yo‘l tutmoqda. Ammo Suvaysh kanalidan O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaning eng yirik porti Rotterdamgacha yo‘l 11 kun vaqtni olsa, JAR qirg‘oqlarini aylanib o‘tish orqali harakatlanishga kamida 26 kun vaqt ketadi. Har bir ortiqcha kun kemalar egalariga qimmatga tushadi - har kuni yonilg‘i uchun bir necha ming dollar sarflanadi. Shu bilan birga, Qizil dengizda kutib turish ham qo‘shimcha xarajat degani - ekipajga maosh to‘lashda davom etiladi, shuningdek, yuk o‘z muddatida yetkazib borilmagani uchun ham penya to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top