16:39 / 28.03.2021
31009

Qozog‘istonda epidemik vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Olmaota to‘liq lokdaunda

Qozog‘istonning Olmaota shahrida 20 mart kunidan kuchga kirgan qat'iy karantin muddati 12 aprelgacha uzaytirildi va yangi cheklovlar kiritildi. 

Olmaota bosh sanitar vrachi Jandarbek Bekshinning yangi qarorida 20 mart kuni imzolangan, hududda 28 mart kunigacha karantin joriy etish haqidagi qaroriga qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritilib, karantin muddati uzaytirildi.

Unga ko‘ra, «qizil» hududda quyidagilarning faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi:

  • Savdo-ko‘ngilochar markazlari, savdo uylari, oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar;
  • «Shimbuloq» tog‘ kurorti; «Medeu» katoki;
  • jamoat hammomlari, saunalar, SPA-markazlar, basseynlar; fitnes markazlar, sport va sog‘lomlashtirish markazlari;
  • muzeylar, kutubxonalar, hayvonot bog‘lari, sirklar, bolalar va o‘smirlar ta'lim markazlari;
  • kompyuter klublari, bilyardxonalar, boulinglar, tungi klublar, teatrlar, kinoteatrlar, konsert zallari.

Shuningdek, masjidlarda jamoaviy ibodat qilish (juma namozlari va besh mahal namoz) to‘xtatilgan, boshqa diniy muassasalarda ham yig‘inlar o‘tkazilmaydi. Ramazon oyi vaqtida iftorliklar taqiqlanadi - faqat oila davrasida og‘iz ochish qilish mumkin. Dafn marosimlari faqat marhumning yaqinlari ishtirokida, ishtirokchilar soni o‘n nafardan oshiq bo‘lmagan tartibda o‘tkazilishiga ruxsat berilgan.

Umumta'lim maktablari o‘quvchilari va oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishni masofadan davom ettiradi.

Shaharlararo muntazam avtobus qatnovlari to‘xtatiladi, tomoshabinlar ishtirokida sport musobaqalari o‘tkazilishi taqiqlanadi.

Cheklovlar quyidagilarning faoliyatiga ham ta'sir ko‘rsatadi: 

  • oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan bozorlar dam olish kunlari ishlamaydi, begim kunlari soat 17.00da yopiladi;
  • umumiy ovqatlanish shoxobchalari faqat uyga yetkazib berish va olib ketish xizmatlari bilan ishlaydi;
  • jamoat transporti (shahar ichkarisida va shahar tashqarisiga marshrutlar) - dam olish kunlari shtat jadvaliga muvofiq, ertalab soat 6.00dan 10.00gacha, kechqurun 17.00dan 22.00gacha ishlaydi;
  • ofislar xodimlarining 80 foizi uydan ishlashga o‘tkaziladi, shahar hayoti uchun muhim bo‘lgan tashkilotlar va obektlar ishchilari bundan mustasno;
  • Aholiga xizmat ko‘rsatish markazlari begim kunlari faqat 18.00gacha ochiq bo‘ladi;
  • go‘zallik salonlari xat bilan ogohlantirgan holda ishlaydi va faqat soch oldirish mumkin bo‘ladi.

Qaror 29 martdan kuchga kiradi.

Qozog‘istonda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari kun sayin o‘sib bormoqda. 27 mart kuni mamlakatda 1596ta yangi holat qayd etilgan - bu bir kun oldingidan 100taga ko‘p. Shundan eng ko‘p holat Olmaotada aniqlangan - 510ta yangi holat. Keyingi o‘rinda poytaxt Nursulton - 382ta yangi holat. 

Mamlakatda shu vaqtgacha 240 mingdan oshiq kishida kasallanish holati qayd etilgan, 2980 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan, 216 mingdan ortiq bemor tuzalgan, hozirda 20 mingdan ortiq kishi kasallikdan davolanmoqda (aktiv keys).

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston poytaxti Nursultonda ham 18 martdan cheklov va karantin choralari kuchaytirilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top