09:12 / 29.03.2021
4013

O‘zbekistonda attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglament ishlab chiqildi

Foto: TASS

Vazirlar Mahkamasining “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

  • “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament tasdiqlanadi;
  • texnik reglament rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab o‘n ikki oy o‘tgandan keyin amalga kiritiladi.

Umumiy texnik reglament O‘zbekiston hududida birinchi marta muomalaga chiqarilgan attraksionlarga qo‘llaniladi.

Texnik reglament inson hayoti va sog‘lig‘i, mol-mulkini himoya qilish uchun attraksionlar xavfsizligiga qo‘yilgan talablarini belgilaydi, shuningdek, foydalanuvchilarni ular xavfsizligi bilan bog‘liq xatti-harakatlari haqida ogohlantirish va oldini olish talablarini o‘rnatadi.

Statsionar attraksionlar (poydevorda yoki poydevorsiz yig‘ilgan) quyidagi turlarga bo‘linadi:

a) mexanizatsiyalangan ilgarilanma harakatli (shu jumladan, suvda foydalaniladigan) attraksionlar;

b) mexanizatsiyalashtirilgan aylanma harakatli attraksionlar;

v) mexanizatsiyalashtirilgan murakkab harakatlanuvchi attraksionlar;

g) avtodrom va kartinglar;

d) havo bilan to‘ldirilgan attraksionlar;

ye) mexanizatsiyalashmagan suv attraksionlari;

j) mexanizatsiyalashmagan attraksionlar;

z) bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionlar.

Reglament bolalar o‘yin maydonchalari va potensial biomexanik xavfi past (RB-4) bo‘lgan attraksionlar hamda texnik reglament kuchga kirgunga qadar ishlab chiqarilgan va foydalanishga topshirilgan attraksionlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Agar attraksionlarning ayrim qismlariga nisbatan respublika boshqa texnik reglamentlari qabul qilingan va kuchga kirgan bo‘lsa, attraksionlar bunday qismlari ushbu texnik reglament talablariga va ularga tegishli bo‘lgan boshqa texnik reglamentga ham muvofiq bo‘lishi kerak.

Attraksionlar identifikatsiyasi ularning texnik reglamentni qo‘llash doirasiga kirishini aniqlash uchun o‘tkaziladi.

Attraksionlarni identifikatsiya qilishda belgilar, ularning turi, potensial biomexanik xavf darajasi, shuningdek yo‘lovchilarga biomexanik ta'sir turi va qiymati hisoblanadi.

Quyidagi maqsadlarda attraksion identifikatsiya qilinadi:

a) O‘zbekiston hududida muomalaga taqdim etuvchi ishlab chiqaruvchi (sotuvchi);

b) sertifikatlashtirish organi - mahsulot muvofiqligini baholash va tasdiqlash;

v) davlat nazorati organi - texnik reglament talablariga muvofiqligini tekshirish.

Attraksionlar identifikatsiyasi quyidagi usullardan biri yoki ular kombinatsiyasi yordamida amalga oshiriladi:

a) hujjatlar bilan identifikatsiya qilish (foydalanish hujjatlarida ko‘rsatilgan attraksion turi va xili, shuningdek texnik tavsiflarni texnik reglamentda nazarda tutilgan ma'lumotlar bilan taqqoslash);

b) tashqi ko‘rik metodi (foydalanish hujjatlarida keltirilgan tavsif bilan attraksion tashqi ko‘rinishini taqqoslash);

v) instrumental usul (o‘lchamlarni o‘lchash yoki foydalanish hujjatlarida ko‘rsatilgan texnik tavsiflarni attraksionlarni sinash natijasida olingan ma'lumotlar bilan taqqoslash).

Attraksionlar texnik reglament talablariga va boshqa ularga tegishli bo‘lgan kuchga kirgan texnik reglamentlar talablariga javob berganda hamda reglament bo‘yicha muvofiqlikni baholash bo‘yicha zarur protseduralardan o‘tgandan keyin muomalaga chiqariladi.

Top