12:46 / 29.03.2021
5831

Qibray tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan IES'ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mahalliy fuqarolar bilan ochiq suhbat

24 mart kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida 240 MVt quvvatga ega Issiqlik Elektr Stansiyasi (IES) qurilish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda loyiha rahbarlari va mahalliy fuqarolar ishtirok etishdi. Loyiha tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, loyihaning atrof-muhitga ta'siri juda past. Shunday bo‘lsa-da, mahalliy fuqarolarda tug‘ilayotgan ko‘plab savollarga javob berish maqsadida ochiq suhbat tashkil etildi.

Turkiyaning «Cengiz Enerji» kompaniyasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Investitsiya kelishuviga asosan «Cengiz Enerji» va «CENERGO» MChJ mahalliy loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Qibray tumani Toshkent IES yonidan 3,8 gektar yerda quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz (birlashtirilgan sikl) IES qurilishi rejalashtirilmoqda.

2021 yil 2 fevralda loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4971-sonli qarori qabul qilindi.

24 mart kuni «Cengiz Enerji» va «CENERGO» MChJ vakillari tomonidan loyihaning atrof-muhitga ta'siri bo‘yicha mahalliy fuqarolarga taqdimot qilindi. Unda loyiha rahbarlari IES qurilishi bo‘yicha yuzaga keladigan savollarga javob berishdi.

«Toshkent viloyati Qibray tumanida 240 MVt yopiq siklda bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi loyihasi ko‘zda tutilmoqda. Shu loyiha doirasida chet el investitsiyasidan 150 mln dollar o‘zlashtirish nazarda tutilgan. Loyihaning sovuq ishga tushirish vaqti 2021 yil dekabrga mo‘ljallanmoqda. Loyiha ishga tushganidan so‘ng 400 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bu loyihaning atrof-muhitga ta'siri o‘rganildi. Barcha tashkilotlarning kerakli ruxsatnomasi olinganidan so‘ng qurilish ishlari boshlanishi ko‘zda tutilgan» - dedi Cengiz Enerji kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Otabek Lutfullayev.

Dastlabki rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Qibray tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan yopiq sikldagi bug‘-gaz elektr stansiyasi yiliga 1,9 mlrd kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Loyiha quvvati 240 MVt bo‘lgan birlashtirilgan sikldagi issiqlik elektr stansiyasining qurilishi har biri 100 MVt quvvatga ega 2 ta gaz turbina agregati va 40 MVt quvvatga ega bitta bug‘ turbinasi agregatini o‘rnatish bilan to‘liq sikl 240 MVt quvvatga ega investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Loyihaning ijtimoiy jihatlari quyidagilardan iborat:

  • Iste'molchilarga ishonchli va barqaror elektr ta'minoti;
  • Elektr va issiqlikka bo‘lgan talabning o‘sishini qondirish;
  • Aholini ish bilan ta'minlash muammosini qisman hal etish (yangi 400 ish o‘rinlarini yaratish);
  • Kadrlarni yangi turdagi stansiyalarni ekspluatatsiya qilishning zamonaviy texnologiyalari ko‘nikmalari tayyorlash.

Hozircha loyihaning birinchi taqdimoti shu yerda yashovchi fuqarolarga o‘tkazilib, taklif va e'tirozlar yozib olindi. Endilikda olingan fikr va mulohazalar o‘rganilib, loyihaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top