23:53 / 29.03.2021
23966
Samarqandda is gazidan zaharlanib o‘lgan o‘spirinlar qurilishda yotib ishlayotgan bo‘lgan

Samarqand shahridagi Lohutiy ko‘chasi 31-uyda noxush hodisa sodir bo‘ldi. Toyloq tumanidan shaharga ishlash uchun kelgan 3 nafar o‘spirin va 1966 yil tug‘ilgan yana bir fuqaro 28 mart kuni is gazidan zaharlanib, halok bo‘ldi. Yoshlarning hech biri uylanmagan va halok bo‘lganlardan biri 2004 yil tug‘ilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, toyloqlik yigitlar 4 kun avval shaharga ishlagani kelib, yuqoridagi manzilda qurilayotgan 3 qavatli uyning shiftini ta'mirlay boshlagan. Uy egasining aytishicha, avvaliga yigitlarga qatnab ishlashni taklif qilgan, lekin ular yotib ishlasa, ish tez bitishini aytib, yotishga sharoit qilib berishni so‘ragan. Yana takrorlaymiz, bu uy egasining talqini.

Foto: Samarqand viloyat prokuraturasi
Foto: Samarqand viloyat prokuraturasi

28 mart kuni soat 11:00 larda xabar olishsa, 5 nafar quruvchi xonada behush yotibdi. Zudlik bilan tez yordam chaqirishgan va yigitlar kasalxonaga olib ketilgan. Ulardan 4 nafari halok bo‘lib, biri omon qolgan. Bugun, 29 mart kuni to‘rt yigitni qabrga qo‘yishgan.

Sodir bo‘lgan voqea samaraqandliklar orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi, zabardast yigitlarning o‘lganini eshitganlar qayg‘uga tushdi. Holat yuzasidan Maqsud Shayxzoda mahallasidagi «Anor» kafesida Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov va viloyat prokurori Ravshan Masharipov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Viloyat prokurori ertalab janozada qatnashib qaytganini, marhumlarning yaqinlari alamzada kayfiyatda ekanini aytdi. Shuningdek, prokuror omon qolgan bir yigitning ahvoli yaxshilanib borayotgani, uning ko‘rsatmasi jarayonda hal qiluvchi bo‘lishini aytdi. Prokuror yig‘ilishdan keyin ham omon qolgan yigitni ko‘rgani kasalxonaga ketdi.

Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov va viloyat prokurori Ravshan Masharipov

Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov ham yig‘ilish davomida so‘z olib, hech kimni odamlar oldida ayblamoqchi emasligini, lekin 4 kishi o‘lib ketgach, bunga jim qarab ham bo‘lmasligini aytdi. Obloqulov shaharda ko‘plab quruvchilar ishchilarga yaxshi sharoit yaratib bermaganini ta'kidladi.

Yig‘ilish yakunida Samarqand viloyat prokurori Ravshan Masharipov 4 yigit uyida ishlab halok bo‘lgan uy egasi F.X.ni qo‘lga olishni, unga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilishini buyurdi. Keyinchalik ma'lum bo‘ldiki, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. F.X.ga nisbatan esa ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Prokuror uy egasini qo‘lga olishga topshiriq bergach, uning yaqinlari qarorga keskin qarshilik ko‘rsatishdi. Uy egasining ota-onasi viloyat prokurori va shahar hokimiga o‘g‘li yigitlarning o‘limida aybdor emasligini aytib, keskin e'tiroz bildirdi. Ravshan Masharipov esa uy egasiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgani uning xavfsizligi uchun ham yaxshi bo‘lganini aytdi: «Janozada ko‘rdim, marhumlarning yaqinlari ko‘zi qonga to‘lgan, alamzada holatda. Kim biladi nima bo‘lishini. Bu uning xavfsizligi uchun yaxshi», dedi Samarqand viloyat prokurori.

Ma'lumot uchun, 2021 yilgi davlat dasturiga asosan, aholi xonadonlarini metan, propan va is gazini barvaqt aniqlaydigan, xabar beradigan va gazni tarmoqdan klapan orqali uzib qo‘yadigan gazoanalizatorlar bilan ta'minlashga doir prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi.

Loyiha o‘z vaqtida ishlab chiqilganmi-yo‘qmi, uni amalga oshirishga qachon kirishiladi? Mas'ullarimiz odamlar hayoti uchun mas'uliyatni sezib, bu masalani paysalga solishmasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

O‘tkir Jalolxonov,
Faxriddin Hotamov

Top